Ijtimoiy tarmoqlarda bir guruh ayollar boshqa bir ayolni yerga yotqizib urayotgani aks etgan video tarqalgandi. Qashqadaryo viloyati IIB matbuot xizmati holat Chiroqchi tumanida yuz berganini ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, 24-iyul kuni soat 22:30 larda Chiroqchi tumanida yashovchi ayol D.I. 102 raqamiga murojaat qilib, u bilan birga rasmiy nikohsiz yashab kelayotgan erkak N.P.ning onasi xonadoniga kelib janjal ko‘tarayotganini ma’lum qilgan.
Hodisa joyiga profilaktika inspektori yetib borib, janjalni bartaraf etish maqsadida erkakni tuman IIB binosiga olib kelgan. Uning rasmiy nikohida bo‘lgan ayoli qarindoshlari bilan birga jamoat joyida “Senga erim kerakmi?” deb, D.I.ning bir necha marotaba tanasining turli joylariga tepib, urib, kiyimsiz holatda qoldirgan.
Mazkur holatlarning videotasviri ijtimoiy tarmoqlarda tarqalib jamoatchilik e’tiroziga sabab bo‘lgan.
Xabarda aytilishicha, profilaktika inspektori tomonidan to‘liq tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilgan va protsess ishtirokchilarining olgan tan jarohati og‘irlik darajasini aniqlash maqsadida sudga oid tibbiy ekspertiza tayinlangan.
Holat yuzasidan Chiroqchi tuman IIB huzuridagi Tergov bo‘linmasi tomonidan jinoyat kodeksining 277-moddasi (bezorilik) 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Ushbu moddaga ko‘ra, jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan mensimaslik, urish-do‘pposlash, badanga yengil shikast yetkazish BHMning 50 baravaridan 100 baravarigacha (20,6 million so‘mdan 41,2 million so‘mgacha) miqdorda jarima yoki 300 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.
Izoh (0)