O‘zbekistonda banklar top-300 talik oliygohga kirgan yoshlarga 20 ming dollargacha imtiyozli ta’lim krediti beradi. Bu haqda 30-iyun kuni prezidentning yoshlar bilan uchrashuvida ma’lum qilindi.

Yaqinda “El-yurt umidi” jamg‘armasi faoliyati takomillashtirilgandi. Endi top-300 talik oliygohga kirganlar uchun o‘qish va yashash xarajatini qoplash tizimi yangi tartibda ishlay boshlaydi. Davlat rahbarining ta’kidlashicha, “Ta’lim — kelajak sarmoyasi” degan ezgu g‘oya jamiyatida katta harakatga aylanmoqda.

Eng avvalo, STEM yo‘nalishlari (ilm-fan, texnologiya, muhandislik va matematika), energetika, transport, urbanizatsiya, arxitektura, qurilish, qishloq va suv xo‘jaligi kabi drayver sohalar uchun kvotalar bir necha karra oshiriladi.
“Garvardchilar” maktabi Beruniy nomidagi xalqaro maktab sifatida faoliyatini boshladi. Ushbu xalqaro maktabga bu yilgi 8-sinf bitiruvchilari orasidan 60 nafar o‘quvchi saralab olinadi va 3 ta yo‘nalishda o‘qitiladi. Kelgusida o‘quv o‘rinlari karrasiga ko‘paytiriladi.


Umuman, milliy dastur asosida har yili eng salohiyatli 3 ming o‘quvchi seleksiya qilinib, Garvard, Yel, Kolumbiya, Kornel kabi dunyoning nufuzli oliygohlariga tayyorlanadi. Shundan kamida 300 nafari ehtiyojmand oila farzandlari bo‘ladi.
Tadbirda ma’lum qilinishicha, O‘zbekiston yoshlari top-500 talik oliygohlarga kirish bo‘yicha o‘tgan yili Markaziy Osiyoda 1-o‘rinni egalladi. Bugungi kunda 30 nafar yoshlar dunyoning top-10 talik oliygohida, 500 nafari top-100 va 1 ming 500 nafari top-300 dan joy olgan nufuzli universitetlarda tahsil olmoqda. Prezident yoshlarga sifatli ta’lim va tarbiya berish, zamonaviy kasb va hunarlar, xorijiy tillarni o‘rgatish, hayotda munosib o‘rin topishi uchun zarur sharoitlar yaratish eng asosiy vazifa ekanligini aytdi.
Izoh (0)