Samarqand shahrining Cho‘pon ota tepaligida 12 mln dollarga yangi avtovokzal ishga tushirildi. Bu haqda Transport vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Ushbu avtovokzal qurilishi 2023-yilda boshlangandi. Avtovokzal SXF Camping kompaniyasi ishtirokida davlat-xususiy sheriklik asosida barpo etildi.
Avtovokzal bir vaqtning o‘zida 100 ta avtobus, 150 ta mikroavtobus va 300 ta yengil avtomobilni qabul qilishga mo‘ljallangan. Avtovokzaldan Toshkent, Jizzax viloyatlariga avtobuslar harakati amalga oshirilmoqda. Shuningdek, Toshkent shahridan Buxoro, Navoiy, Xorazm, Qashqadaryo, Surxondaryo viloyatlariga qatnovchi avtobuslar ham mazkur avtovokzal orqali harakatni davom ettirmoqda.

“Bu yerda yo‘lovchilar uchun barcha qulayliklar yaratildi. Keng va yorug‘ kutish zali, ona va bola xonasi, bolalar maydonchasi, tibbiyot xonasi, elektron tablolar orqali qatnovlar jadvalini ko‘rsatish, imkoniyati cheklangan fuqarolar uchun maxsus panduslar va yo‘laklar, avtobus, mikroavtobus va yo‘nalishsiz taksilar uchun alohida kutish maydonlari, haydovchilar dam olish xonasi, avtotransportni texnik ko‘rikdan o‘tkazish xizmati, 24 soat ishlovchi videokuzatuv tizimi shular jumlasidandir”, deyiladi Samarqand viloyati hokimligi matbuot xizmati xabarida.

Avtovokzalda 120 ta savdo do‘koni, 3 ta zamonaviy restoran, 14 ta servis shoxobchasi, 1 ta avtosalon, 2 ta mehmonxona joylashgan. Yangi avtovokzalning ishga tushirilishi natijasida 300 nafar aholi uchun doimiy ish o‘rni yaratildi.
Izoh (0)