O‘zbekistonga AQSH paxtasi import qilinishi mumkin. Bu haqda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, 23–29-iyul kunlari O‘zbekiston Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi delegatsiyasi AQSHga tashrif buyurdi. Tashrifdan ko‘zlangan asosiy maqsad — Made in Uzbekistan brendi ostida mahalliy mahsulotlarni targ‘ib qilish, eksport salohiyatini kengaytirish va ikki tomonlama savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirishdan iborat bo‘ldi. Ushbu tashrif doirasida 25 ta mahalliy to‘qimachilik korxonasi Texworld NYC, Apparel Sourcing USA va Home Textiles Sourcing Expo xalqaro ko‘rgazmalarida qatnashdi (Nyu York shahri).
Tashrif davomida vazirlik vakillari AQSH Savdo vazirligi (U.S. Department of Commerce) bilan uchrashuv o‘tkazdi. Unda O‘zbekiston va AQSH o‘rtasida savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish, savdo to‘siqlarini kamaytirish va investitsiyalarni faollashtirish bo‘yicha mexanizmni ishlab chiqish masalalari ko‘rib chiqildi.

O‘zbek mahsulotlarini, jumladan, to‘qimachilik, qurilish materiallari, elektr texnikasi va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini Amazon, Walmart, Whole Foods Market, Bloomingdale’s va The Home Depot kabi yirik savdo tarmoqlarida joylashtirish imkoniyatlari ham alohida muhokama qilindi.
AQSH Savdo vazirligi huzuridagi CLDP (Savdo huquqini rivojlantirish dasturi) vakillari bilan bo‘lgan muzokaralar chog‘ida o‘zbekistonlik kompaniyalar uchun AQSH standartlariga mos sertifikatlash va qadoqlash bo‘yicha vebinar va seminarlar tashkil etishga kelishib olindi.
AQSH Qishloq xo‘jaligi vazirligi (USDA) va AQSH Paxta assotsiatsiyasi bilan uchrashuvda GSM-102 dasturi doirasida O‘zbekistonga AQSH paxtasini yetkazib berish, kredit limitini oshirish va Made from U.S. Cotton tashabbusini ishga tushirish masalalari muhokama qilindi.
2024-yil fevralida “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi rahbariyati va AQSHning Cotton Council International kompaniyasi vakillari Toshkentda ikki tomonlama hamkorlik masalalarini muhokama qilgandi. O‘shanda Amerika paxtasi afzalliklari sanab o‘tilgan va tomonlar paxta tolasini import qilishni tashkillashtirish hamda uni moliyalashtirish masalalarini ko‘rib chiqqandi.
Amerikaning Cotton Council International tashkiloti paxta tolasi va ushbu paxta tolasidan ishlab chiqarilgan mahsulotlarni dunyo bozoriga targ‘ib qilish bilan shug‘ullanadi. Kompaniya 20 dan ortiq davlatda o‘z vakolatxonasiga ega va 50 ta mamlakatga doimiy ravishda paxta tolasini eksport qiladi.
Izoh (0)