“O‘zbekiston xalq artisti Sherali Jo‘rayev xotirasini abadiylashtirish va uning ijodiy maktabi an’analarini munosib davom ettirishga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi prezident qarori qabul qilindi.

Qarorga ko‘ra, Andijon ixtisoslashtirilgan san’at maktabi negizida Sherali Jo‘rayev nomidagi musiqa va san’at oliy maktabi tashkil etiladi. Oliy maktabda o‘quv jarayoni 2025/2026-o‘quv yilidan boshlanadi. Oliy maktabga boshlang‘ich musiqiy bilimga ega bo‘lgan o‘quvchilar ijodiy sinov asosida 9-sinfdan qabul qilinadi.
O‘quv jarayoni davlat grantiga asoslangan 3 yillik o‘quv dasturi bo‘yicha tashkil etiladi hamda bitiruvchilarga o‘rta maxsus kasbiy ta’lim to‘g‘risida davlat namunasidagi diplom beriladi. Oliy maktabning iqtidorli bitiruvchilari o‘z o‘qishini tegishli bakalavriat ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha oliy ta’lim tashkilotlarining 2-bosqichidan davom ettirishi mumkin.
Shuningdek, oliy maktabda Sherali Jo‘rayev ijodiy yo‘nalishi va faoliyati bo‘yicha ilmiy-ijodiy laboratoriya faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.
Andijon shahridagi sanʼat maktabi negizida Sherali Jo‘rayev nomidagi musiqa va sanʼat oliy maktabi tashkil etilishi haqida 28-iyul kuni Shavkat Mirziyoyev madaniyat va sanʼat sohasida boshqaruvni takomillashtirish, hunarmandchilikni rivojlantirish bo‘yicha takliflar taqdimoti bilan tanishganida ma’lum qilingandi.
Prezident Andijon viloyatiga tashrifi chog‘ida xalq artisti Sherali Jo‘rayev xotirasini abadiylashtirish tashabbusini bildirgandi. Shunga muvofiq, Andijon shahridagi sanʼat maktabi negizida ijodkor nomidagi musiqa va sanʼat oliy maktabi tashkil etildi. Sherali Jo‘rayev nomidagi milliy qo‘shiqchilik teletanlovi har yili o‘tkaziladi.
Oliy maktabda ilmiy-ijodiy laboratoriya tuzilib, Sherali Jo‘rayev qo‘shiqlarining “oltin fondi” yaratiladi. Zamonaviy ovoz yozish va tasvirga olish studiyasi tashkil etilib, iqtidorli yosh ijodkorlar undan imtiyozli foydalanishi mumkin bo‘ladi.
- Prezidentning 28-iyuldagi qarori bilan Botir Zokirov nomidagi davlat stipendiyasi ham ta’sis etilgandi. 2026-yildan har ikki yilda bir marta estrada san’ati bo‘yicha Botir Zokirov nomidagi xalqaro ko‘rik tanlovi o‘tkazib boriladi.
Izoh (0)