Saudiya Arabistonining Riyod shahri shaxmat bo‘yicha eng nufuzli musobaqalardan biri — Esports World Cup turniriga mezbonlik qiladi. Chempionat 29-iyul, seshanba kuni boshlanadi va 1-avgust kuni yakunlanadi. Unda O‘zbekiston sharafini ikki shaxmatchi — Nodirbek Abdusattorov va Javohir Sindorov himoya qiladi.

Nodirbek Abdusattorov Chess.com Klassik turnirida to‘plagan ochkolari evaziga turnirga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘llanma olgan bo‘lsa, Javohir Sindorov esa EWC saralash bosqichida muvaffaqiyatli ishtirok etib, musobaqa chiptasiga ega chiqdi.
Musobaqada dunyoning eng kuchli 16 nafar shaxmatchisi ishtirok etadi. Magnus Karlsen, Maksim Vashe-Lagrav, Nodirbek Abdusattorov, Fabiano Karuana, Arjun Erigaysi, Hikaru Nakamura, Alireza Firuzja, Vladimir Fedoseyev, Vladislav Artemyev, Yan-Kshishtof Duda, Vey Li va Yan Nepomnyashiy turnir yo‘llanmasini jamg‘argan ochkolari evaziga qo‘lga kiritgan. Nihol Sarin, Anish Giri, Levon Aroniyan va Javohir Sindorov esa saralash bosqichida muvaffaqiyatli qatnashib, musobaqada ishtirok etish huquqiga ega chiqdi.
Esports World Cup musobaqasining sovrin jamg‘armasi 1,5 million dollarni tashkil qiladi. Musobaqa g‘olibi 1-o‘rin uchun 250 ming dollar, 2-o‘rin egasi 180 ming dollar, 3 va 4-o‘rin egalari esa 125 ming dollardan mukofot oladi. 5–8-o‘rin egalari 90 ming, 9–12-o‘rin egalari 65 ming, 13–16-o‘rin egalari esa 50 ming dollar miqdorida mukofot puli bilan taqdirlanadi.
Izoh (0)