Madridning “Real” klubi vingeri Rodrigo Goes jamoadagi vaziyatdan noroziligini bildirgan. Ispan matbuotining yozishicha, Rodrigo yangi murabbiy Xabi Alonso qo‘l ostida asosiy tarkibdan joy ololmasligidan xavotirda. Bu xavotir Klublar o‘rtasidagi Jahon chempionatida ham o‘z tasdig‘ini topdi — Rodrigo musobaqa davomida faqat bitta uchrashuvda asosiy tarkibda maydonga tushgan.

Journalist Xoakin Pyera ma’lumotlariga ko‘ra, futbolchi va klub prezidenti Florentino Peres o‘rtasidagi munosabatlar keskinlashgan. Rodrigo zaxira futbolchisi maqomiga qolishni istamayapti va jamoani tark etishga tayyor. Biroq “Real Madrid” rahbariyati Rodrigoni sotishga shoshilmayapti va uni olishni istagan klublarga yengillik taqdim etmagan.
Hozirda Transfermarkt portali Rodrigoning bozor qiymatini 90 million yevro deb baholagan. Shunga qaramay, klub futbolchini 100 million yevrodan kamiga sotmaslik niyatida.
Eslatib o‘tamiz, Rodrigo 2024/25-yilgi mavsum “qirollik klubi” safida 54 ta bahsda maydonga tushib, 14 gol va 11 assist muallifiga aylangan. Futbolchining shartnomasi 2028-yilning yoziga qadar amal qiladi.
Izoh (0)