Globo Esporte nashri xabariga ko‘ra, Braziliyada 17 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasida o‘tkazilgan klublararo musobaqada janjal yuzaga keldi.

Manbada qayd etilishicha, bu musobaqada professional yoki rasmiy yoshlar jamoalari emas, balki “San-Paulu” klubining media jamoasida o‘ynaydigan havaskorlar ishtirok etgan. O‘yin davomida futbolchilardan biri hakam bilan tortishuvga kirishgan, natijada hakam unga zarba bergan. Bu holat jamoa a’zolarining keskin noroziligiga sabab bo‘lib, maydonda ommaviy janjalga sabab bo‘lgan.
Voqeaga politsiya aralashib, to‘rt nafar o‘smir futbolchi va hakam huquq-tartibot idorasiga olib ketilgan. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, holat “tahdid va tan jarohati yetkazish” moddalari bo‘yicha qayd etilgan.
Mazkur vaziyat yuzasidan “San-Paulu” futbol klubi ham rasmiy bayonot berdi. Unda voqea ishtirokchilari klubning asosiy yoki yoshlar jamoasiga tegishli emasligi ta’kidlangan. Shu bilan birga, klub ushbu o‘smirlarning “San-Paulu” formasida o‘ynaganini afsus bilan qayd etib, bu holat klub obro‘siga putur yetkazganini bildirdi.
“San-Paulu” futbol klubi 17 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasidagi Interclubes musobaqasi doirasida yuz bergan voqeani chuqur afsus bilan qabul qiladi va keskin qoralaydi. Ushbu jamoa klub a’zolari orasidan shakllantirilgan bo‘lib, rasmiy yoshlar tizimiga aloqador emas. Biroq o‘yinchilarning klub formasida maydonga tushgani bizning nomimizga salbiy ta’sir ko‘rsatdi. Biz har qanday zo‘ravonlikni qat’iyan rad etamiz, deyiladi bayonotda.
https://x.com/spfcinfoss/status/1931869857374486757?s=46
Shuningdek, “San-Paulu” klubi Interclubes Assotsiatsiyasi tomonidan voqeaga nisbatan bildirgan munosabatni ijobiy baholadi hamda holat bo‘yicha barcha tegishli idoralar bilan to‘liq hamkorlikka tayyor ekanini ma’lum qildi. Klub adolatli va shaffof tergov o‘tkazilishiga umid bildirgan.
Izoh (0)