Italiya terma jamoasi va “Inter” klubi markaziy himoyachisi Alesandro Bastoni yozgi transfer oynasi vaqti Angliya Premer Ligasi jamoasiga o‘tishi mumkin edi. Biroq bu transfer amalga oshmaydigan bo‘ldi. Bu haqda La Gazzetta dello Sport nashri xabar berdi.

Manbaga ko‘ra, Londonning “Chelsi” klubi 25 yoshli futbolchini xarid qilish istagini bildirgan va uning uchun 50 million yevro taklif qilgan. Biroq “neradzurrilar” jamoaning asosiy futbolchilaridan biri bo‘lgan Bastonini qo‘yib yuborishni istamadi va “Chelsi”ga rad javobini berdi.
Ayni paytda “Inter” himoyachisi Benjamin Pavarga Fransiyaning “Lill” hamda Saudiya Arabistonining “Neom” klublaridan jiddiy takliflar tushmoqda. Futbolchining klubni tark etish ehtimoli yuqori. Agar Pavar ketadigan bo‘lsa, milanliklar himoya chizig‘ida muammolarga duch kelishi mumkin. Shu bois klub rahbariyati Bastoni uchun bo‘ladigan har qanday taklifni qat’iyan rad etishga qaror qilgan.
- O‘tgan mavsumda Bastoni “Inter safida jami 57 ta o‘yinda maydonga tushib, o‘z hisobiga 2 ta gol va 6 ta golli uzatma yozdirib qo‘ygan.
- Uning “Inter” bilan amaldagi shartnomasi 2028-yil yozigacha mo‘ljallangan.
- Transfermarkt ma’lumotiga ko‘ra, futbolchining qiymati 80 million yevroni tashkil etadi.
Izoh (0)