Madridning “Real” klubi braziliyalik hujumchi Vinisius Junior kelajagi borasida hali aniq qarorga kelmagan. Klub va futbolchi o‘rtasida yangi shartnoma bo‘yicha muzokaralar murakkab kechmoqda. SER Deportivos nashrining xabariga ko‘ra, “qirollik klubi” Vinisiusning moliyaviy talablarini qondirishni istamayapti va unga Kilian Mbappe darajasida maosh taklif qilish rejasida emas.

Hozirda “Real Madrid”dagi eng yuqori maosh Mbappega to‘lanadi — yiliga 31 million yevro. Vinisius esa hozirda 20 million yevro maosh olmoqda va shu bois maoshini oshirishni xohlamoqda. Klub esa unga bu darajada katta maosh berish niyatida emas. Ma’lumotlarga ko‘ra, rahbariyat futbolchiga bir yil muddat bergan: shu davr mobaynida u o‘z o‘yinini yanada rivojlantirishi lozim, aks holda futbolchini transferga qo‘yish masalasi ko‘rib chiqiladi.
Avvalroq, Vinisiusni Saudiya Arabistonining “Al-Hilol” klubi 200 million yevro evaziga sotib olishni istayotgani haqida xabarlar tarqalgan edi. Shuningdek, “Liverpul” ham unga qiziqayotgan klublardan biri sifatida tilga olinmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Vinisius Juniorning “Real Madrid” bilan amaldagi shartnomasi 2027-yil yozigacha amal qiladi. U o‘tgan mavsumda jamoa safida 58 ta o‘yinda maydonga tushib, 22 ta gol va 19 ta golli uzatma muallifiga aylandi. Transfermarkt portali futbolchining qiymatini 170 million yevro etib belgilagan.
Izoh (0)