“Inter Mayami” hujumchisi Lionel Messi klub bilan yangi shartnoma imzolash arafasida turibdi. Garchi tomonlar hali yakuniy qarorga kelmagan bo‘lsa-da, argentinalik yulduzning jamoada qolish ehtimoli yuqori. Bu haqda Mundo Deportivo nashri xabar bermoqda.

Xususan, Messining Argentina terma jamoasidagi do‘sti Rodrigo De Paulning “Inter Mayami”ga qo‘shilishi klubning sakkiz karra “Oltin to‘p” sohibini saqlab qolish imkoniyatlarini oshirgan. Hozirda tomonlar o‘rtasida muzokaralar davom etmoqda. Yangi bitimga ko‘ra, Messi 2026-yil oxirigacha AQShda faoliyatini davom ettirishi mumkin. Hozirgi shartnomasi esa 2025-yil dekabrda yakunlanadi.
Avvalroq OAVda Leo Mayami klubidan ketishi mumkinligi va unga Saudiya Arabistonin chempionatidan jiddiy taklif borligi borasida mish-mishlar tarqalgan edi. Ammo amalda bu o‘z tasdig‘ini topmadi.
Eslatib o‘tamiz, Messi joriy yil iyun oyida 38 yoshga to‘ldi. Shunga qaramay, u MLSda yuqori sport formasini namoyon etib, “Inter Mayami”ning eng muhim futbolchilaridan biri bo‘lib turibdi. U klub safida hozirgacha 68 o‘yinda ishtirok etib, 58 ta gol va 26 ta golli uzatmaga mualliflik qilgan.
Izoh (0)