Markaziy bank 2025-yil iyul oyi inflyatsiya ko‘rsatkichlari bo‘yicha tahliliy infografika eʼlon qildi. Tahlilda qator tovar va xizmatlar narxi oshgani, ayrimlari arzonlashgani ko‘rsatilgan.

Iyul oyida yillik inflyatsiya darajasi 8,9 foizi tashkil etgan. Mamlakatda O‘zbekistonda 2024-yil iyulidan joriy yil iyuligacha bo‘lgan davrda isteʼmol narxlari indeksi savatidagi 94 ta mahsulot qiymati 10 foizdan yuqori oshgan.
Tahlil qilinishicha, o‘tgan 12 oy mobaynida oziq-ovqat mahsulotlaridan qo‘y go‘shti 32,9 foiz, kartoshka 34,6 foiz, paxta yog‘i 42,6 foiz qimmatlashgan. Karam narxi 46,4 foiz, piyoz 57,8 foiz, sabzi qariyb 90,2 foizga oshgan. Jami 170 turdagi oziq-ovqat mahsulotlaridan 140 tasining narxi o‘sishi 10 foizdan past bo‘lgan.
Nooziq-ovqat mahsulotlari turkumida metan narxi eng yuqori darajada o‘sgan — 36,3 foiz. O‘z navbatida propan 12,2 foiz, gazeta 15,3 foiz, vitaminlar 10,2 foiz, antibiyotiklar 9,7 foiz qimmatlashgan. Isteʼmol savatidagi 250 turli nooziq-ovqat mahsulotlaridan 238 tasining narxi oshishi 10 foizdan quyi bo‘lgan.
Mahalliy havo yo‘l transporti 62,3 foiz, tarmoq gaz 39,2 foiz, suyultirilgan gaz taʼminoti 25 foiz, davlat bog‘chalari 21 foiz, elektr energiyasi 18,8 foiz qimmatlashgan. Hisob davrida nodavlat bog‘chalar narxi 7,3 foiz, mehmonxona xizmatlari 7,6 foiz, simli internet 6,1 foiz oshgani aniqlangan. Inflyatsiyani hisoblash uchun inobatga olinadigan 90 turdagi xizmatlardan 38 tasining narxi ko‘tarilishi 10 foizga yetmagan.
Yil davomida uzum keskin arzonlashgan — 53,3 foiz. Shuningdek, pomidor (28,2 foiz), qovoq (25,6 foiz), olma (21,4 foiz) hamda guruch (17,1 foiz) narxlari nisbatan ko‘proq pasaygan.
Avvalroq Markaziy bank O‘zbekiston real ish haqi oshishi bo‘yicha qo‘shni davlatlardan ortda qolayotganini bildirgandi. Shu bilan birga, joriy yilda mamlakatda ish qidirish faolligi pasaygani qayd etilgan.
Izoh (0)