Joriy yil I yarmida 2024-yil mos davriga nisbatan oltin eksporti 57,2 foizga, xorijga gaz sotuvi 50,5 foizga ko‘paydi. Bu haqda Statistika qo‘mitasi tahlilida qayd etilgan.

Xitoy eng katta hamkor
2025-yil I yarmida O‘zbekiston tashqi savdo aylanmasi hajmi 37 mlrd dollarga yetdi. Bu 2024-yil mos davriga nisbatan 5,1 mlrd dollarga (16,1 foiz) ko‘p.
Yarim yilda 16,9 mlrd dollarlik eksport (o‘sish 29,1 foiz), 20,1 mlrd dollarlik import (o‘sish 7 foiz) amalga oshirilgan. Tashqi savdo taqchilligi 3,24 mlrd dollar miqdorida shakllangan.
Xitoy O‘zbekiston tashqi savdosida birinchilikni egallashda davom etmoqda. Olti oy davomida mazkur mamlakat bilan 6 mlrd 556 mln dollarlik eksport-import operatsiyalari amalga oshirilgan. Taqqoslash uchun, o‘tgan yil mos davrida bu ko‘rsatkich 5,9 mlrd dollar edi.
Yarim yil mobaynida Rossiya bilan ham tovar aylanmasi hajmi 6 mlrd dollardan oshdi (o‘tgan yil mos davrida 5,7 mlrd dollar).
Uchinchi yirik hamkor davlat Qozog‘iston bo‘lib, O‘zbekiston qo‘shni mamlakat bilan 1,34 mlrd dollarlik olti-sotdi qilgan. 2024-yil I yarmida bu ko‘rsatkich 1,45 mlrd dollar bo‘lgan.
Umuman olganda, O‘zbekistonning 17,7 foiz tashqi savdosi Xitoy, 16,3 foizi Rossiya, 6 foizi Qozog‘iston hissasiga to‘g‘ri keldi.
Oltin va gaz eksporti ko‘paydi
Joriy yil I yarmida O‘zbekiston eksport tushumlarining 38,4 foizi oltin sotuvidan kelgan. Mamlakat olti oyda 6,6 mlrd dollarlik (o‘sish 57,2 foiz) qimmatbaho metall eksport qildi.
Respublika eksporti hajmining deyarli to‘rtdan bir qismi (24 foiz) xizmatlar sotuviga to‘g‘ri kelgan. Yarim yil ichida mamlakat 4,05 mlrd dollarlik xizmatlar eksport qilgan (2024-yil mos davrida 3,14 mlrd dollar).
Yanvar—iyun oylarida chet elga 1,26 mlrd dollarlik to‘qimachilik mahsulotlari sotilgan. Bu ko‘rsatkich umumiy eksportning 7,5 foizini tashkil etadi. Biroq 2024-yil mos davriga nisbatan mazkur yo‘nalishdagi tashqi savdolar 17 foizga qisqardi.
O‘zbekiston eksportining 734 mln dollarini (4,3 foiz) mineral yoqilg‘i va yog‘lash moylari sotuvi tashkil etgan (o‘tgan yil I yarmida 585,6 mln dollar). Jumladan, olti oyda mazkur turkumga kiruvchi tabiiy gaz eksporti 50,5 foizga ko‘paydi. Yaʼni mamlakat bu davrda xorijga 354,9 mln dollarlik gaz sotdi. O‘z navbatida elektr toki eksport hajmi ham 52,5 foiz oshib, 100,6 mln dollarga yetdi.
Hisobot davrida oziq-ovqat mahsulotlari va tirik hayvonlar eksporti hajmi 1,2 mlrd dollarni tashkil etdi (o‘tgan yil mos davrida 846,5 mln dollar). Bu umumiy eksportning 7,2 foiziga teng.
Avtomobil importi kamaydi
Yarim yil mobaynida O‘zbekistonga eng ko‘p import qilingan mahsulotlar doimgidek mashinalar va transport asbob-uskunalari bo‘ldi — 6,6 mlrd dollar. Ammo mazkur mahsulotlar importi o‘tgan yil mos davridagiga qaraganda 2,6 foizga kamaygan.
Olti oyda 1,5 mlrd dollarlik avtomobillar importi amalga oshirilgan. Bu 2024-yil dastlabki yarmiga nisbatan 8,5 foizga kam degani.
Shuningdek, 1,96 mlrd dollarlik oziq-ovqat mahsulotlari va tirik hayvonlar import qilingan (o‘sish 14,2 foizga ko‘p).
Yarim yil mobaynida kimyoviy vositalar va shunga o‘xshash mahsulotlar importi hajmi 2,6 mlrd dollarni tashkil etdi. O‘tgan yil mos davrida ushbu ko‘rsatkich 2,3 mlrd dollar bo‘lgandi.
Yanvar—iyun oylarida xizmatlar importi hajmi 2,1 mlrd dollarga yaqinlashgan. Avvalgi yil mos davrida bu raqam 1,6 mlrd dollar bo‘lgandi.
Izoh (0)