Joriy yil yanvar—iyul oylarida Cobalt avtomobili ishlab chiqarish hajmi o‘tgan yil mos davridagidan 1,9 foizga kamaydi. Bu haqda Statistika qo‘mitasi sharhida maʼlum qilingan.

Yetti oy davomida mamlakatda 212 ming 156 dona yengil avtomobil ishlab chiqarilgan. Bunda asosiy ulush UzAuto Motors kompaniyasi hissasiga to‘g‘ri kelgan.
Mazkur muddatda eng ko‘p ishlab chiqarilgan avtomobil Cobalt bo‘lgan — 83 ming 167 dona. Biroq ushbu modeldagi mashinalar soni 2024-yil yanvar—iyulidagidan (84 ming 758 ta) kamaygan.
O‘z navbatida Damas ishlab chiqarish 5,5 foizga ortib, 51 ming 587 donaga yetgan. Tracker o‘tgan yil mos davridagidan 12,9 foizga ko‘proq ishlab chiqarilgan — 26 ming 385 dona.
O‘tgan yetti oy davomida 18 ming 734 dona Onix, 14 ming 419 dona KIA, 4 ming 838 dona Chery, 4 ming 425 dona Haval, 8 ming 601 dona BYD ishlab chiqarilgan. Maʼlum qilinishicha, o‘tgan yil yanvar—iyul oylarida BYD avtomobillari O‘zbekistonda ishlab chiqarilmagan.
Garchi Cobalt ishlab chiqarish ulushi yuqori bo‘lsa-da avtomobilni istalgan payt rasmiy dilerlardan sotib olish imkonsizligicha qolmoqda. UzAuto Motors 2025-yil 7-yanvarda mazkur avtomobil uchun oxirgi marta shartnomalar ochilganini eʼlon qilgandi. Onlayn savdo jarayoni bor-yo‘g‘i 6 soat davom etgan. O‘shanda kompaniya jami 50 ming 17 ta shartnoma tuzilganini bildirgan.
Izoh (0)