Qovunning ozuqaviy ahamiyati nihoyatda katta bo‘lib, inson salomatligiga kuchli ta’sir etuvchi ajoyib mahsulot hisoblanadi. Xalq tabobatida qadimdan qovun turli kasalliklarni davolashda keng qo‘llangan. Undan o‘z vaqtida Ibn Sino ham ko‘p foydalangan. Quyida qovunning ko‘plab shifobaxsh xususiyatlari haqida so‘z boradi.

Organizmni vitaminlar va minerallar bilan boyitadi
Har bir bo‘lak qovunda C vitamini, kaliy, magniy, foliy kislotasi, K vitamini va boshqa ko‘plab faol moddalar mavjud. Unda antioksidantlar — beta-karotin, lyutein, kversetin va zeaksantin ham bor. Ular hujayralarni zararlanishdan himoya qiladi, immunitetni mustahkamlaydi va tananing barcha tizimlari faoliyatini qo‘llab-quvvatlaydi.
Qon bosimini me’yorda saqlashga yordam beradi
Qovundagi kaliy va C vitamini yurak-qon tomir tizimiga foydali ta’sir ko‘rsatadi. Kaliy organizmdagi natriy miqdorini tartibga solib, qon bosimini me’yorda ushlashga yordam beradi, gipertoniya xavfini kamaytiradi. Albatta, qovun dorining o‘rnini bosa olmaydi, lekin davoni to‘ldiruvchi foydali vosita bo‘la oladi.
Suv va elektrolitlar manbai

Qovun 90 foiz suvdan iborat bo‘lib, tarkibida kaliy, magniy, kalsiy va natriy kabi elektrolitlar mavjud. Bu uni issiqda yoki jismoniy mashqlardan so‘ng suv balansini tiklash uchun ideal mahsulotga aylantiradi. Bir bo‘lak qovun organizmni suvsizlanishdan saqlab, quvvat beradi.
Suyaklar salomatligini qo‘llab-quvvatlaydi
Qovundagi foliy kislotasi, magniy va K vitamini suyak to‘qimalarining shakllanishi va mustahkamlanishida muhim rol o‘ynaydi. Ayniqsa, K vitamini suyaklar to‘qimasidagi osteokaltsin oqsilini ishlab chiqarishda zarurdir.
Qondagi shakar miqdorini barqarorlashtiradi
Shirin ta’miga qaramay, qovun (me’yorda iste’mol qilinganda) qondagi glyukoza darajasini muvozanatga keltirishga yordam beradi. Qovundagi antioksidantlar va mikroelementlar esa moddalar almashinuviga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Tadqiqotlarga ko‘ra, qovunni muntazam iste’mol qilish 2-turdagi qandli diabet xavfini kamaytiradi.
Teri elastikligini saqlash va quyoshdan himoya

Qovundagi C vitamini teri cho‘ziluvchanligi va yoshligi uchun zarur bo‘lgan kollagen ishlab chiqarilishini rag‘batlantiradi. Shuningdek, uning antioksidant xususiyati terini quyosh nurlarining zararli ta’siridan himoya qiladi va erta qarishni sekinlashtiradi.
Immunitetni mustahkamlaydi
Bir nechta bo‘lak qovun organizmning C vitaminiga bo‘lgan kunlik ehtiyojining yarmidan ko‘pini qoplaydi. Bu vitamin oq qon tanachalari ishlab chiqarilishini rag‘batlantiradi va yuqumli va virusli kasallikdan tezroq tuzalishga yordam beradi.
Hazm qilish tizimini yaxshilaydi
Qovun o‘simlik tolalariga boy bo‘lib, ichaklarni tabiiy ravishda tozalaydi va sog‘lom ichak mikroflorasini qo‘llab-quvvatlaydi. Ovqat hazmi muammosi borlar uchun qovun yordamchi bo‘la oladi. U ichak peristaltikasini faollashtirib, qabziyatning oldini oladi.
Ko‘z salomatligini himoya qiladi
Qovundagi lyutein va zeaksantin kabi karotinoidlar ko‘zlarni oksidlovchi stressdan himoya qiladi va yoshi katta insonlarda ko‘rishning yomonlashishiga olib keluvchi makulodistrofiyaning rivojlanishini sekinlashtiradi. Ratsionga qovunni qo‘shish — bu nafaqat hozir, balki kelajakdagi ko‘z salomatligiga qaratilgan g‘amxo‘rlikdir.
Muhim eslatma

Har qancha foydali bo‘lmasin, qovunni ehtiyotkorlik bilan iste’mol qilish lozim. Shifokorlar uni och qoringa, uyqudan oldin, sut mahsulotlari, asal yoki alkogol bilan birga iste’mol qilishni tavsiya etmaydi. Eng yaxshi kunlik iste’mol hajmi — 200–300 grammdir. Diabet, gastrit, pankreatit yoki oshqozon-ichak yarasi bo‘lganlar shifokorga murojaat qilgan holda iste’mol qilganlari ma’qul. Shuningdek, qovun 3 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun tavsiya etilmaydi.
Izoh (0)