AQSHda 26 yoshli Nauje Dreyk ismli ayol to‘rtinchi farzandini 7-iyul kuni dunyoga keltirib, onalik baxtiga erishdi. Bu sanada uning boshqa uch farzandi ham tug‘ilgan edi.
Ayolning so‘zlariga ko‘ra, barcha tug‘uruqlar tabiiy yo‘l bilan o‘tgan va oldindan aynan shu sanaga rejalashtirilmagan.
Kaylov ismli chaqaloq — ayolning 7-iyul kuni tug‘ilgan to‘rtinchi farzandi bo‘ldi. Uning katta farzandlari — Kevan, Na’Zayla va Halan ham aynan shu kunda tug‘ilgan, biroq turli yillarda.
“Barcha farzandlarim bir kunda tug‘ilganiga hali ham ishona olmayapman. Odamlar menga lotereya o‘ynashni maslahat berishyapti. Men bolalarimning tug‘ilgan kuni bir xil, desam, hamma egizaklarmi, deb so‘raydi. Men esa yo‘q, ular turli yillarda tug‘ilgan, deb javob beraman”, deydi ona.
Ayolning aytishicha, u 2022-yil 7-iyul kuni uchinchi farzandi — Halan tug‘ilayotganda biroz cho‘chigan, chunki bunday tasodifga ishonmagan. Ammo 2024-yil 7-iyul kuni to‘rtinchi farzandi ham aynan shu sanada tug‘ilgach, u bu holatni “baxtli ishora” deb qabul qilgan.
Izoh (0)