Gollivudning mazkur aktyorlari ekranda yaxshi sherik, qadrdon do‘st va ashaddiy dushman obrazlarini mohirona yaratib, tomoshabinlar qalbidan joy olgan.
Al Pachino va Robert De Niro
- 4 ta hamkorlikdagi film: “Cho‘qintirgan ota 2”, “To‘qnashuv”, “O‘ldirish huquqi”, “Irlandiyalik”
Al Pachino va Robert De Niro 70-yillar Amerika kinosining afsonaviy siymolari va jinoiy janrdagi filmlarning doimiy aktyorlaridir. Aynan shu sababli Martin Skorseze ularni “Irlandiyalik” filmida bosh rollarga taklif qilgan.
Biroq Al Pachino va De Niro birinchi marta ancha oldin birga suratga tushgan — bu “Cho‘qintirgan ota” filmining davomi edi. Davomida Al Pachino mafiya rahbari Vitoning o‘g‘li Maykl Korleone roliga qaytgan bo‘lsa, De Niro yosh Vitoni ijro etgan.
Duetning dinamikasi Maykl Manning “Shiddatli to‘qnashuv” filmida yanada o‘sdi. U asabiy, giperaktiv va tushkun tergovchi (Al Pachino) bilan kamgap va xavfli o‘g‘ri (De Niro) o‘rtasidagi ziddiyat haqida hikoya qiladi. Filmda aktyorlarning birgalikdagi sahnalari deyarli bo‘lmasa-da, ikkalasi ham bir-birining epizodlarida ko‘rinmas tarzda ishtirok etadi.
Rayan Gosling va Emma Stoun
- 3 ta hamkorlikdagi film: “Ahmoqona sevgi”, “Gangsterlar ovchilari”, “La-La Lend”
Rayan Gosling va Emma Stoun ilk bor “Ahmoqona sevgi” nomli romantik komediya filmini suratga olish chog‘ida tanishgan. Ular ushbu filmda sevishgan juftlikni ijro etgan.
Ko‘p o‘tmay, ikkalasiga yana sevishganlar rolini o‘ynash taklif etildi, bu safar “Gangsterlar ovchilari” nomli trillerda. Ularning hamkorligi Demien Shazelning “La-La Lend” musiqali filmida davom etdi.
Jonni Depp va Helena Bonem Karter
- 7 ta hamkorlikdagi film: “Kelin jasadi”, “Charli va shokolad fabrikasi”, “Flit-strit ko‘chasidagi qonxo‘r sartarosh Suini Todd”, “Yolg‘iz reynjer”, “Alisa ajoyibotlar mamlakatida 2”, “Qora soyalar”
Bu juftlik rejissyor Tim Byortonning sevimli aktyorlaridir. Helena Bonem Karter 2001-yildan 2014-yilgacha uning deyarli barcha filmlarida rol ijro etdi.
Rejissyor va Jonni Depp o‘rtasidagi hamkorlik tarixi undan ham oldinroq boshlangan. Aktyor birinchi marta Byortonning “Edvard qaychiqo‘l” filmida rol o‘ynagandi. O‘shandan beri Depp Byortonning doimiy aktyoriga aylandi.
Penelopa Kruz va Haver Bardem
- 8 ta hamkorlikdagi film: “Vetchina, vetchina”, “Viki, Kristina, Barselona”, “Maslahatchi”, “O‘tmish labirintlari”, “Tirik tana”, “Sevgidan ham ortiq”, “Sevgi xatarlari”, “Xudodan darak yo‘q”
Haver Bardem va Penelopa Kruz “Vetchina, vetchina” filmini suratga olish paytida tanishgan. Bu 18 yoshli Kruzning kinodagi birinchi roli edi. Syujet sevgi to‘rtburchagiga bag‘ishlangan bo‘lib, shafqatsiz janjal bilan yakunlanadi. Film 1992-yilgi Venetsiya kinofestivalida katta shov-shuvga sabab bo‘ldi va Kruz bilan Bardemni Ispaniyadan chiqqan eng yorqin aktyorlar juftligiga aylantirdi. 2010-yilda ular turmush qurishdi va hozirda ikki farzandni tarbiyalashmoqda, shuningdek, ba’zan birga filmlarda ham suratga tushishadi.
Mett Deymon va Ben Afflek
- 9 ta birgalikdagi film: “Mo‘jizalar maydoni”, “Maktab aloqalari”, “Zakovatli Uill Hanting”, “Emi ortidan quvish”, “Dogma”, “Jey va Bob qarshi zarba beradi”, “Jey va Bob: Qayta ishga tushirish”, “So‘nggi duel”, “Air: Buyuk sakrash”
Mett Deymon va Ben Afflek maktabdayoq tanishgan. Ularning onalari do‘st bo‘lgani sababli bolalar ko‘pincha birga vaqt o‘tkazishardi. Ularni aktyorlikka bo‘lgan qiziqish ham birlashtirgan — ikkalasi ham Kembrij davlat o‘rta maktabida o‘qigan va u yerdagi drama to‘garagiga qatnashgan.
Maktabni tugatgach, do‘stlarning yo‘llari qisqa muddatga ajralgan — ular turli universitetlarga kirgan. Deymon gumanitar fakultet talabasi bo‘lib, birinchi kursda “Zakovatli Uill Hanting” filmi uchun ssenariy yoza boshlagan. Vaqt o‘tib, u Afflekni ham bu ishga qo‘shgan.
Ular ssenariyni yozib tugatgach, uni Castle Rock Entertainment kompaniyasiga sotishgan, biroq kompaniya filmni suratga olishdan voz kechgan. Shunda Deymon tanish rejissyor Kevin Smitga iltimos qilib, ssenariyni Miramax Films’dagi Harvi Vaynshteynga yetkazgan.
Prodyuser g‘oyani ma’qullagan va hatto Deymon bilan Afflekni bosh rollarga tasdiqlagan. Shunday qilib, do‘stlarning karyerasiga turtki bergan va ularning aktyorlik iste’dodini namoyish etgan kult film dunyoga kelgan.
Ben Stiller va Ouen Uilson
- 12 ta birgalikdagi film: “Kabelchi”, “Abadiy yarim tun”, “Ota-onalar bilan tanishuv” (3 qism), “Namunali erkak” (2 qism), “Tenenbaum oilasi”, “Starski va Xatch”, “Muzeydagi tun” (3 qism)
Ben Stiller va Ouen Uilson 2000—2010-yillarning mashhur komediya juftligi hisoblanadi. Ular “Kabelchi” filmini suratga olish paytida tanishgan. O‘sha vaqtda Stiller allaqachon taniqli Gollivud aktyori va endigina rejissyorlikni boshlagandi. Uilson esa kinodagi karyerasini yaqinda boshlagan va Ues Andersonning “Butilka raketa” nomli birinchi filmida rol ijro etgandi. Stillerga bu ish juda ma’qul kelib, u Uilsonni o‘z filmidagi kichik rolga taklif qiladi.
Keyinchalik aktyorlar shunchalik do‘stlashib ketdilarki, Stiller Uilsonni o‘zining boshqa loyihalariga ham taklif eta boshlaydi. Giyohvandlik muammolari haqidagi “Abadiy yarim tun” nomli dramada ular giyohvand do‘stlar rolini ijro etishadi. “Ota-onalar bilan tanishuv” filmida esa Uilsonga Ben Stiller qahramoni xotinining sobiq yigiti rolini o‘ynash nasib etadi. Juftlikning haqiqiy yulduzli onlari “Namunali erkak” filmidan so‘ng keladi.
Izoh (0)