Qozog‘iston Mudofaa vazirligida sun’iy intellekt (SI) texnologiyalarini joriy etish va rivojlantirishga mas’ul bo‘lgan maxsus bo‘linma tashkil etildi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.

Yangi bo‘linma Mudofaa vazirligida “jarayonlarni optimallashtirish va mudofaa salohiyatini kuchaytirish”ga xizmat qiladi. Uning vazifalari quyidagilar:
- katta ma’lumotlarni tahlil qilish;
- boshqarishni avtomatlashtirish;
- tezkor ssenariylarni modellashtirish;
- harbiy vaziyatda boshqaruv qarorlarini qabul qilish tezligini oshirish.
Bo‘linma Qozog‘iston va xorijdagi universitetlar, ilmiy markazlar va IT-kompaniyalar bilan hamkorlik qiladi.
Sun’iy intellektni joriy etish bo‘yicha bo‘linmani tashkil etish kadrlar salohiyatini rivojlantirishga ham qaratilgan: zamonaviy algoritmlar va tizimlar bilan ishlay oladigan tahlilchi ofitserlar va raqamli texnologiyalar bo‘yicha mutaxassislarni tayyorlash rejalashtirilgan, deydi Mudofaa vazirligi.
Ma’lumot o‘rnida, yoz boshida prezident Qosim-Jo‘mart To‘qayev armiyani raqamlashtirishga va sun’iy intellektdan foydalanishga chaqirgandi. Keyinchalik mudofaa vaziri o‘rinbosari Darhan Ahmediyev tez orada Sun’iy intellekt boshqarmasi tashkil etilishini aytgan.
Tez orada Mudofaa vazirligida Sun’iy intellekt boshqarmasini ishga tushiramiz. Hozir jamoa yig‘yapman. Agar munosib nomzodlaringiz bo‘lsa, yozing. Maosh yaxshi, kuchli ijtimoiy paket va armiyadan turli imtiyozlar bor, degan edi u.
Izoh (0)