Oliy sud raisi o‘rinbosari Ikrom Muslimov sud ishi boshlanguniga qadar gumonlanuvchiga nisbatan tergov organi yoki tergovchi tomonidan kuch ishlatilishiga chek qo‘yish haqidagi savolga javob berar ekan, “buni joriy qilish maqsadga muvofiq bo‘ladi”, dedi.
Kecha, 13-dekabr kuni Oliy sud raisining birinchi o‘rinbosari — Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati raisi Ikrom Muslimov OAV vakillari bilan uchrashdi.
Tergov sudyasi institutining vazifalari va asosiy yo‘nalishlariga bag‘ishlangan matbuot anjumanida so‘z olgan “Daryo” jurnalisti O‘zbekistonda sud majlislari boshlanguniga qadar tergov organi tomonidan gumonlanuvchilarga nisbatan kuch ishlatilishi va bosim o‘tkazilishi bilan bog‘liq holatlar yuz berishini, tan-jarohati olgan gumonlanuvchilar sud zallarida bu haqida sudyaga bildirgach, tayinlangan sud tibbiy ekspertizasi ham natija bermayotgani haqida aytdi.
2025-yil 1-yanvardan ish boshlashi kutilayotgan tergov sudyasiga shunday muammolarni tinglab, unga qarshi yechim topish vakolatini berish kerakmikin? Ko‘p eshitganmiz odatda sud boshlanguniga qadar o‘tgan fursat davomida tanadagi jarohatlar bitib ketadi, shu sabab gumonlanuvchilar sud boshlanganda sudyaga bu haqida shikoyat qilib, sud tibbiy ekspertizasi tayinlansa-da, bu hech narsani aniqlamaydi, — deya savol berdi.
Jurnalist savoliga qo‘shimcha qilar ekan, “Biz ‘Dok-1 Maks’ ishi bilan bog‘liq sudda aynan shunday holatga duch keldik. Sudlanuvchilar sudda tergov organi, tergovchi tomonidan ularga bosim qilingani, hatto kuch ishlatilgani bilan bog‘liq holatlarni qayg‘uli, dod solib gapirib berishdi. Ming afsuski, bu holat besh-olti oy ilgari bo‘lgani uchun sud davom etayotgan paytda sud tibbiy ekspertizasi tayinlansa-da, hech qanday jarohat ko‘rinmagan. Sud davomida advokatlar sudlanuvchi tanasida ko‘kargan yoki shilingan joylar bo‘lsa ham o‘tgan fursat davomida bitib ketadi deyishdi. Yangi ish boshlayotgan tergov sudyasiga sudga qadar ham shunday murojaatlarni tinglab, unga qarshi kurashish vakolati berilyaptimi?”, — dedi.
Oliy sud raisi savolga javob berar ekan, “shaxsga dastlabki tergov organi tomonidan jismoniy, ruhiy tazyiq o‘tkazilgan bo‘lsa, sudlar bu holat yuzasidan xizmat tekshiruvi tayinlashga va xulosa olishga majbur”, — dedi.
Ikrom Muslimov bunday tartibni joriy qilishni maqsadga muvofiq deb hisoblashini qo‘shimcha qildi.
Men sanksiya berish jarayonida bu narsani hozircha eslolmadim. Agar u masalaga taqaladigan bo‘lsa, buni ham joriy qilish maqsadga muvofiq bo‘ladi, — dedi u.
“Dok-1 Maks” sudida Quramax Medical MCHJ direktori, hindistonlik sudlanuvchi S.R.P., Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi sobiq rahbari S.K. lar tergov davomida qiynoqqa solingani, g‘ayriqonuniy tarzda so‘roq qilinib, ruhiy va jismoniy bosimlarga uchraganini aytgandi. Ularga nisbatan tayinlangan sud tibbiy ekspertizasi esa, sudlanuvchilarning tanasida hech qanday jarohat izlari yo‘qligini bildirgandi.
Izoh (0)