So‘nggi vaqtlarda ichimlik suvidan qarzdorligi bor xonadonlar tarmoqdan uzilayotgani aks etgan videolar tarqalmoqda. Foydalanuvchilarning aksari buni to‘g‘ri deb baholasa, ba’zilar bunga qarshi chiqmoqda.
Ichimlik suvidan xanadonni uzish qanchalik qonuniy? Ayni vaqtda tarmoqdan uzilish uy xo‘jaliklarida ko‘proq kuzatilmoqda. Bu uzdi-uzdilar ko‘p qavatli xonadonlarda ham davom etadimi? Mazkur savollarga “O‘zsuvta’minot” jamiyati matbuot xizmati rahbari Akmal Murodov “Daryo”ga javob berdi.
Aytilishicha, iste’molchi va suv ta’minoti korxonasi orasidagi shartnomaga asosan, iste’molchi har oyning 10-sanasiga qadar to‘lovlarni oldindan amalga oshirishi lozim. Shuningdek, hisoblagich ko‘rsatkichi ma’lumotini oyida bir marotaba (har oyning 20-sanasidan keyin) ta’minotchi korxonaga ma’lum qilib borishi kerak.
Qanday holatda tarmoqdan uziladi?
Iste’molchi foydalangan ichimlik suvi va ko‘rsatilgan oqova (kanalizatsiya) suv xizmatlari uchun to‘lovlarni o‘z vaqtida amalga oshirmasa, suv ta’minoti korxonasi tomonidan ogohlantiriladi (ogohlantirish xati beriladi).
Iste’molchini yozma ravishda xabardor qilgan paytdan boshlab 5 ish kuni o‘tgandan keyin mavjud qarzdorlik to‘lanmagan taqdirda, suv ta’minoti korxonasi vakillari iste’molchini vaqtincha tarmoqdan uzadi. (Vazirlar Mahkamasining 194-sonli qarori 108-band asosida).
Tarmoqqa qanday qayta ulanish mumkin?
Tarmoqdan vaqtincha uzilgan iste’molchi BHMning 2 baravarida — 750 ming so‘m to‘lov amalga oshirib, vujudga kelgan qarzdorlikni to‘lab, undan so‘ng qayta tarmoqqa ulanishi mumkin.
Yuridik iste’molchilar esa BHMning 5 baravarida — 1 million 875 ming so‘m to‘lov amalga oshirib, vujudga kelgan qarzdorlikni to‘lab, undan so‘ng qayta tarmoqqa ulanish mumkin.
Qo‘shimcha qilinishicha, to‘lov vaqtida amalga oshirilmasa, ko‘p qavatli xonadonlar ham tarmoqdan uziladi.
Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda 2024-yil 1-dekabrdan ichimlik va oqova suv xizmatlari to‘lovlari faqat elektron shaklda qabul qilinadi.
Izoh (0)