Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov O‘zbekiston madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekovni “Qirg‘iziston Respublikasi xalq artisti” faxriy unvoni bilan taqdirladi. Bu haqda O‘zbekiston Madaniyat vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Sadir Japarov 13-dekabr kuni Ozodbek Nazarbekovni qabul qildi. Prezident Qirg‘iziston va O‘zbekiston o‘rtasidagi madaniy do‘stlik rishtalarini mustahkamlashda muhim bo‘g‘in bo‘lib, mushtarak tarix, til, madaniyat va anʼanalar bilan bog‘langanini alohida taʼkidladi.
“Xalqlarimizni ko‘p asrlik do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik rishtalari birlashtirib turadi. 1992-yilda diplomatik munosabatlar o‘rnatilganidan buyon ikki tomonlama aloqalar yangi bosqichga ko‘tarildi va bu hamkorlikni mustahkamlashda madaniyat muhim o‘rin tutadi”, dedi Sadir Japarov.
Japarov O‘zbekistonga davlat tashrifi doirasida Toshkent va Buxoro shaharlarida Qirg‘izistonning O‘zbekistondagi madaniyat kunlari o‘tkazilganini, unda qirg‘iz-o‘zbek do‘stligiga bag‘ishlangan gala-konsert, ko‘rgazmalar, kinofilmlar namoyish etilganini esladi.
Qirg‘iziston prezidenti 2025-yilda Qirg‘izistonda bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston madaniyati kunlari ikki xalqning yanada yaqinlashishida muhim voqea bo‘lishiga ishonch bildirdi.
Sadir Japarov Ozodbek Nazarbekovni “Qirg‘iziston Respublikasi xalq artisti” unvoni bilan taqdirlangani bilan tabriklab, uning mamlakatlar o‘rtasidagi madaniy aloqalarni rivojlantirish va do‘stlikni mustahkamlashga qo‘shgan ulkan hissasini taʼkidladi.
“Ijodiy yo‘lingiz ko‘pchilikni ilhomlantiradi. 15-dekabr kuni To‘qto‘g‘ul Satilganov nomidagi Qirg‘iziston milliy filarmoniyasida bo‘lib o‘tadigan sizlar ishtirokidagi musiqiy kecha umumiy madaniy hamjihatligimizning yana bir yorqin namunasi bo‘ladi”, dedi Qirg‘iziston yetakchisi.
Ozodbek Nazarbekov, o‘z navbatida, uning faoliyatiga berilgan sharaf va yuksak baho uchun samimiy minnatdorlik bildirib, ikki mamlakat xalqlari o‘rtasidagi qardoshlik munosabatlarini mustahkamlashga intilishini alohida taʼkidladi.
Vazir Sadir Japarovning O‘zbekistonga davlat tashrifi xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik va strategik sheriklik tarixidagi muhim voqea bo‘lganini taʼkidladi. Ushbu tashrif ikki tomonlama munosabatlar rivojida yangi sahifa ochdi.
“O‘zbekistonda qirg‘iz xalqining buyuk yozuvchisi, madaniy timsoli, O‘zbekistonning suyukli yozuvchisi Chingiz Aytmatov tavalludining 100-yilligiga bag‘ishlangan tadbirlar o‘tkazilayotganidan xursand”, dedi Ozodbek Nazarbekov.
Shuningdek, vazir Ozodbek Nazarbekov ayni damda O‘zbekistonning yetakchi teatrlari qirg‘izistonlik hamkasblari bilan birgalikda ikki xalq o‘rtasidagi ijodiy hamkorlik timsoliga aylanadigan qo‘shma teatr loyihasini yaratish ustida faol ish olib borayotganini taʼkidladi.
Izoh (0)