Joriy yil boshidan nogironligi borlar Jizzax, Qashqadaryo, Navoiy, Sirdaryo va Surxondaryoda 10 foizga ko‘paydi. Bu ko‘rsatkich 20 ta tumanda 12 foizdan yuqori. Bu haqda bugun, 13-dekabr kuni prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida ijtimoiy himoya sohasida amalga oshirilgan ishlar va 2025-yildagi vazifalar yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida maʼlum qilindi.
Yig‘ilishda qaysi hokim bu masalaning ichiga kirib, sabablarini o‘rgandi, degan savolga ijobiy javob yo‘qligi qayd etildi. Respublika bo‘yicha 33 ta tumanda nogironligi borlarni reabilitatsiya qilish qamrovi 1 foizga ham yetmasligi tanqid qilindi.
Shu bois soha uchun masʼullar kelgusi yilda reabilitatsiya bo‘yicha keskin o‘zgarish qilishi kerakligi ko‘rsatib o‘tildi.
Buning uchun har bir viloyat, tuman shifoxonasida reabilitatsiya xizmatlari yo‘lga qo‘yiladi. 12 ta nogironlik reabilitatsiya markazida ergoterapiya, fizioterapiya, davolash-gimnastika xizmatlari qamrovi 5 karra oshiriladi.
Qo‘shimcha qilinishicha, 7 ta tibbiyot oliygohida reabilitatsiya kafedralari ochiladi, professor-o‘qituvchilar Koreya tajribasi asosida qayta o‘qitiladi. Respublika reabilitatsiya markaziga Koreya va Yaponiyadan ekspertlar olib kelinib, mahalliy mutaxassislar malakasi oshiriladi.
Izoh (0)