AQSHda qizamiq bilan kasallanish soni 33 yillik rekordni yangiladi. Bu haqda BBC xabar berdi.

Mamlakatda 4-iyul holatiga ko‘ra, 1 300 ga yaqin kishida qizamiq infeksiyasi aniqlangan. Jon Xopkins universiteti tomonidan e’lon qilingan ma’lumotlar o‘ta yuqumli kasallikning tarqalishi davom etayotganini ko‘rsatgan. Bir vaqtlar bu infeksiyaning mamlakatda “yo‘q qilinishi” taxmin qilingandi.
Qizamiq bilan kasallanish holatlari 2025-yil davomida 38 shtat va Kolumbiya okrugida qayd etilgan. Infeksiyadan kamida 3 kishi vafot etgan, yana 155 kishi shifoxonada davolanmoqda. Kasallanganlarning 92 foizi emlanmagan yoki emlanganlik holati noma’lum bo‘lgan odamlarda qayd etilgan. Eng ko‘p zarar ko‘rgan shtat Texas bo‘lib, hududda 700 dan ortiq kasallanish holati aniqlangan. Shu kabi yana o‘nlab holatlar Kanzas va Nyu Meksiko shtatlarida ham kuzatilgan.
Sog‘liqni saqlash idoralariga ko‘ra, qizamiq asosan emlash darajasi past bo‘lgan hududlarda, masalan, zamonaviy tibbiyotdan voz kechgan Texasdagi mennonit jamoalarida tarqalgan. Kasallik AQSH va boshqa mamlakatlarda so‘nggi yillarda vaksinaga qarshi “salbiy kayfiyat” kuchaygani sababli ortmoqda.

Sog‘liqni saqlash vaziri Robert Kennedi avvalroq bolalarni emlash haqida noto‘g‘ri ma’lumot tarqatgandi. Keyinchalik u qizamiq, parotit va qizilchaga qarshi vaksinalarni targ‘ib qilishga o‘tgan. Unga ko‘ra, vaksina “qizamiq tarqalishining oldini olishning eng samarali usuli” sanaladi.
AQSHda qizamiq bilan kasallanish 1990-yilda ham eng yuqori ko‘rsatkichga yetgandi. O‘shanda 28 mingga yaqin kishi infeksiyani yuqtirgan. Emlashning yuqori darajasi va epidemiyaga qarshi tezkor harakatlar tufayli kasallanish soni 2000-yillarda 90 tadan kamayib ketgan.
Infeksiya tarqalishi holatlari 2014 va 2019-yilda biroz ko‘payishni boshlagan. Hozirda esa butun AQSH bo‘ylab 1 277 ta kishida kasallik kuzatilgan. Ekspertlarning aytishicha, agar qizamiqning tarqalishi hozirgi sur’atda 12 oydan ortiq davom etsa, AQSH qizamiqni yo‘q qilish imkoniyatini yo‘qotadi.
Buyuk Britaniyada ham qizamiq keng tarqalmoqda. Mamlakatda 2024-yili qariyb 3 ming kishida infeksiya aniqlangan. Yanvar oyida esa mamlakatda 529 ta kishi kasallangan. Kanadada hozirgacha 3000 dan ortiq holat haqida xabar berilgan. Kasallanish holatlarining asosiy qismi Ontario va Alberta provinsiyalariga to‘g‘ri keladi.
Izoh (0)