Eron prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon Isroil maxsus xizmatlari tomonidan unga qarshi uyushtirilgan muvaffaqiyatsiz suiqasd haqida ma’lum qildi. Bu haqda u amerikalik jurnalist Taker Karlsonga bergan intervyusida ma’lumot berdi.

Pezeshkiyonning so‘zlariga ko‘ra, qotillikka urinish Eron rahbariyatining boshqa yuqori martabali vakillari bilan uchrashuv paytida sodir bo‘lgan. Isroil uchrashuv o‘tkazilayotgan joyga zarba berishga uringan. Siyosatchi Qo‘shma Shtatlarni bu voqeaga aloqador emas deb hisoblaydi.
Ha, ular bu yo‘nalishda harakat qildi, ammo muvaffaqiyatsizlikka uchradi, dedi Pezeshkiyon suiqasd borasida.
Jurnalistning AQSH hududida Eron fuqarolaridan iborat “uyqudagi hujayralar” mavjudmi, degan savoliga javoban Pezeshkiyon bu Isroil tomonidan odamlar ongiga singdirilayotgan yolg‘on g‘oya ekanini ta’kidladi.
Siz eronliklar bunga qodir, degan fikrni targ‘ib qilyapsiz. Ammo bu mutlaqo noto‘g‘ri. Chunki eronliklar tabiatan tinchlik va osoyishtalikka intiladi, dedi u.
Shuningdek, Pezeshkiyon oliy rahnamo Ali Xomanaiyning AQSH sarmoyadorlari uchun Eron bozoriga kirish bo‘yicha hech qanday to‘siq yo‘qligi haqidagi fikrini ham bayon qildi.
AQSH prezidenti Donald Tramp mintaqani yo tinchlik va yorug‘ kelajak sari yetaklaydigan, yoki uni abadiy jarlik va botqoqqa tortib ketadigan insondir. Buning uchun u imkoniyatlarga ega, dedi Eron prezidenti.
Siyosatchi amerikalik investorlarning Eronda savdo, sanoat yoki iqtisodiy faoliyat yuritishiga hech narsa to‘sqinlik qilmasligini aytdi.
Agar qandaydir cheklovlar mavjud bo‘lsa ham, ular biz tomondan emas, balki AQSH tomonidan joriy etilgan sanksiyalardan kelib chiqmoqda, deya ta’kidladi u.
Izoh (0)