Eron Isroil bilan 12 kunlik urushda yo‘q qilingan havo mudofaa salohiyatini Xitoy tizimlari bilan tiklamoqchi. Pekin mamlakatga ilg‘or komplekslarni yetkazib berishni boshlagan. Bu haqda Middle East Eye nashri arab razvedka xizmatlaridagi manbalariga tayanib xabar berdi.

Nashrga ko‘ra, Tehron havo mudofaa tizimlari haqini neft orqali to‘lamoqda. Xitoy usiz ham Eron neftining 90 foizini xarid qiladi. Pekin AQSH sanksiyalarini chetlab o‘tish uchun xomashyo manbasini yashiradi. Eronliklar esa buning evaziga yirik miqdorda chegirmalar taqdim etadi.
Eron Isroil bilan 12 kun davom etgan mojaro sabab o‘z ixtiyorda mavjud havo mudofaa tizimlarining aksarini yo‘qotdi. Yahudiy davlati havo hukmronligiga erishishi uchun bir necha kun kifoya qildi. Bu esa eronliklarning Rossiyadan sotib olingan S-300 hamda mahalliy ishlab chiqilgan Bavar-373 kabi tizimlari salohiyatini shubha ostiga qo‘ydi. Endi esa Tehron mazkur bo‘shliqni Xitoy yordami bilan to‘ldirmoqchi.
Hozircha na Eron qanday tizimlar sotib olgani, na boshqa tafsilotlar ma’lum. Biroq mamlakat 2012-yili Xitoydan HQ-9 tizimini xarid qilgani haqida tasdiqlanmagan ma’lumotlar bor. Agar bu rost bo‘lsa, eronlik harbiylarni yangi zenit-raketa komplekslarini boshqarishga o‘rgatish uzoq vaqt olmasligi mumkin.

Avvalroq Eron Xitoydan J-10CE ko‘p maqsadli qiruvchi samolyotlari hamda PL-15(E) havo-havo raketalarini sotib olishga qiziqish bildirayotgani haqida xabarlar tarqalgan edi. Mazkur ikkisi Hindiston tomonidan Pokistonga berilgan zarbalarni qaytarishda favqulodda rol o‘ynagan, hatto bir necha hind samolyotining urib tushirilishiga sabab bo‘lgan edi.
Izoh (0)