Toshkentda bir necha shaxslar fuqarolardan intervyu olish bahonasida suhbatlashib, ulardan firibgarlik yo‘li bilan pul yig‘ayotgani haqida xabarlar tarqalgandi. Poytaxt IIBB ularning shaxsi aniqlanganini ma’lum qildi.

5-iyul kuni Chilonzor tumanidagi bog‘larning birida 2004-yilda tug‘ilgan Sh.S., 2001-yilda tug‘ilgan S.S. va 2004-yilda tug‘ilgan T.A. fuqarolar bilan intervyu olish bahonasida suhbatlashib, ulardan firibgarlik yo‘li bilan masjid qurilishi, nogironlarga yordam kabi bahonalarni ishlatib pul yig‘ayotganlari ma’lum bo‘lgan.
Ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida ushbu fuqarolarning shaxsi aniqlangan va ulardan ashyoviy dalil sifatida pul mablag‘lari xolislar ishtirokida rasmiylashtirib olingan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan Chilonzor tumani IIO FMB tomonidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilmoqda.
Jinoyat kodeksi 168-moddasiga ko‘ra, firibgarlik bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib sodir etilgan bo‘lsa, BHMning 100 baravaridan 300 baravarigacha miqdorda jarima yoki 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki 3 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud 3 yildan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Toshkent shahar IIBB bundan avval iyun oyida tilanchilik bilan shug‘ullanayotgan 300 nafarga yaqin shaxslar aniqlanib, tegishli choralar ko‘rilganini ma’lum qilgandi. 70 nafariga nisbatan maʼmuriy qamoq jazosi tayinlangan, 47 nafari esa jarimaga tortilgan.
Izoh (0)