O‘zbekiston iqtisodiy ko‘rsatkichlari Qozog‘istonnikiga yetib olishi murakkab masala. Bu haqda iqtisodchi Behzod Hoshimov YouTube’dagi Cactuz podkastida fikr bildirdi.

Behzod Hoshimovning aytishicha, rivojlangan va kambag‘al davlatlar iqtisodiy o‘sishi o‘rtasida muhim tafovut mavjud.
“Masalan, AQSHda yalpi ichki mahsulot aholi jon boshiga 76 ming dollar. Shundan ikki foizi 1,5 ming dollar. O‘zbekistonda esa jon boshiga 3 ming dollar. Buning 5 foizi 150 dollar. Shunda o‘rtacha o‘zbekistonlik bir yildan keyin bor-yo‘g‘i 150 dollarga boyiydi. Yiliga 3 ming dollardan boyish bilan 76 ming dollardan boyish o‘rtasida keskin farq bor va katta miqdorda iqtisodiy o‘sish ancha qiyin”, dedi mutaxassis.
Iqtisodchi fikricha, O‘zbekiston yiliga 5 foizlik iqtisodiy o‘sish bilan yuqori natijaga erishishi qiyin. Mamlakat iqtisodiyoti kamida 8 foizdan o‘sishi zarur.
“Shunda, taxminan, 30 yildan keyin Qozog‘istonga yetib olishimiz mumkin. Qozog‘istonda aholi jon boshiga daromad biznikidan 5-6 barobar baland. Biz shu darajada kambag‘almizki, daromadimiz olti barobarga oshsa, yaʼni har bir o‘zbekistonlikniki shuncha ko‘tarilsa, keyin Qozog‘istonga yetib boramiz. Kishi boshiga yalpi ichki mahsulotimiz 10 yil davomida 5 foizdan o‘sib borsa ham, Qozog‘istonga yetib olishimiz amrimahol. O‘zbekiston hatto dunyodagi o‘rtacha daromadi bor mamlakatlar qatoriga kirishida ancha shubha mavjud. Birinchidan, doimiy ravishda 5 foiz iqtisodiy o‘sishning o‘zi shubhali”, dedi Behzod Hoshimov.
2024-yilda Qozog‘iston yalpi ichki mahsuloti 288 milliard dollarni tashkil etgan. Bu aholi jon boshiga 14 ming dollardan ko‘proqqa to‘g‘ri keladi. O‘tgan yili mamlakat aholisi soni 20 million 265 ming kishiga yetgan.
2024-yilda O‘zbekiston yalpi ichki mahsuloti hajmi 115 millird dollarga baholangan. Bu miqdor aholi jon boshiga 3 ming 92 dollardan to‘g‘ri keladi. Mazkur raqam respublikaning o‘tgan yildagi jami aholisi soni — 37,2 million kishiga nisbatan hisoblangan.
Izoh (0)