Madridning “Real” klubi hujumchisi, 18 yoshli braziliyalik futbolchi Endrik Ispaniya La Ligasining yangi mavsumi ilk o‘yinlarini o‘tkazib yuborishi mumkin. Bu haqda The Athletic nashri xabar berdi.

Manbaga ko‘ra, Endrik son mushagidan yana bir bor jarohat olgan. Ushbu jarohat unga 2025-yil 18-may kuni “Sevilya”ga qarshi o‘tkazilgan o‘yinda (2:0) ham xalaqit bergan edi. Aynan shu sababli u Klublar o‘rtasidagi Jahon chempionatini ham o‘tkazib yuborgani aytilmoqda.
Hozircha futbolchining qachon safga qaytishi noma’lum. Biroq dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, u bir necha oy davomida maydonga tusha olmaydi. Shu bois Endrik 2025/26-yilgi La Liga mavsumining 1-tur uchrashuvi — 19-avgust kuni “Osasuna”ga qarshi bo‘ladigan o‘yinini ham o‘tkazib yuborishi ehtimoli katta.
Eslatib o‘tamiz, Endrik “Real” safiga 2024-yil yozida qo‘shilgan edi. O‘tgan mavsumda u jamoa tarkibida jami 37 uchrashuvda maydonga tushib, o‘z hisobiga 7 ta gol va 1 ta golli uzatmani yozdirib qo‘ygan.
Izoh (0)