Avtomobil — uzoqni yaqin qilish maqsadida insonlar tomonidan ixtiro etilgan bir vosita. Bu ulovni boshqaruvchi haydovchilarni tiyib turish uchun hukumat tomonidan maʼlum qonun-qoidalar ishlab chiqilgan. Bugun ijtimoiy tarmoqlar piyodalar va insonlar hayotiga zomin bo‘lib qolayotgan yo‘l-transport hodisalari haqidagi videolavhalarga to‘la, afsus.
Shunday hodisalardan biri: joriy yilning 1-iyul kuni Navoiy viloyati Xatirchi tumanida 140 km/soat tezlikda harakatlanayotgan BYD rusumidagi avtomobil, tartibga solinmagan piyodalar o‘tish joyidan o‘tayotgan 9 yoshli qizaloqni bosib ketib, uning bevaqt o‘limiga sabab bo‘ldi. Bu voqea o‘zbek segmentini oyoqqa turg‘azdi.
Bundan tashqari, 3-iyul kuni Samarqand tumanida Nexia-2 rusumli avtomobil yo‘lning belgilanmagan qismidan yugurib o‘tayotgan 7 yoshli bolani urib yuborgan. Ushbu hodisa oqibatida esa 2017-yilda tug‘ilgan bola ko‘rsatilgan tibbiy muolajalarga qaramasdan shifoxonada bevaqt hayotdan ko‘z yumgan.
Bunday dilni xira qiluvchi voqealarni yuzlab sanash mumkin. Xo‘sh, tegishli tashkilotlar yuzaga chiqayotgan muammoning oldini olish uchun qanday yechimlarni taklif qiladi?
5 oyda 65 nafar maktab o‘quvchisi…
Oliy Majlis Senatining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasining taqdim etgan maʼlumotlariga ko‘ra, 2024-yilning besh oyida sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisalarining 53,7 foizi piyoda va velosipedchilar bilan bog‘liq holatlar hissasiga to‘g‘ri kelgan.
Bundan tashqari, umumiy o‘rta taʼlim maktablarining 9 548 tasi transport qatnovi ko‘p hududlarda joylashgan va aksariyat maktablar oldida piyodalar uchun yo‘laklar mavjud emas, tegishli svetoforlar o‘rnatilmagan. Buning oqibatida 2024-yilning 5 oyi davomida jami 359 nafar o‘quvchi bilan bog‘liq yo‘l-transport hodisasi sodir etilgan va 65 nafar o‘quvchi halok bo‘lgan, 294 nafar o‘quvchi esa turli darajada tan jarohatlari olgan.
Qo‘mita maʼlumotlariga ko‘ra, 2023-yilda bolalar bilan bog‘liq 1 794 ta yo‘l-transport hodisasi sodir etilib, ularda 1 568 nafar bola jarohatlangan va 263 nafar bola hayotdan erta ko‘z yumgan.
2024-yilning birinchi yarmida (yanvar—iyun oylari) 9 839 ta yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgan, buning oqibatida 9 209 nafar fuqaro jarohatlangan va 2 282 nafar inson bu yorug‘ olamni erta tark etgan. Solishtirish uchun, 2020 yilning birinchi yarmida jami 2388 ta yo‘l-transport hodisasi sodir etilgan. Shundan 383 tasi bolalar, 1154 tasi piyodalar va 101 tasi velosiped ishtirokida qayd etilgan. Yuqoridagi raqamlar shuni ko‘rsatmoqdaki, joriy yilning birinchi yarmida sodir bo‘lgan YTHlar soni, 2020-yilga qaraganda deyarli 4 barobarga oshgan.
To‘g‘ri, ayrim vaziyatlarda piyodalar tomonidan ham yo‘l qoidalarini qo‘pol ravishda buzish holatlari ko‘zga tashlanadi. Biroq yuqorida keltirilgan raqamlar ko‘tarilgan muammo naqadar jiddiy ekanligini anglatib, har qanday insonda “yo‘llar piyodalar uchun qay darajada xavfsiz”, degan savolni keltirib chiqarishi tabiiy.
Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi yo‘llarda inson xavfsizligini ishonchli ravishda taʼminlash va o‘lim holatlarini keskin kamaytirish borasida quyidagi yechimlarni taklif qildi.
Birinchidan, keyingi vaqtlarda sodir etilayotgan yo‘l-transport hodisalari kelib chiqishga yo‘l harakati ishtirokchilarining harakatlanish madaniyati pastligi asosiy sabablaridan bir bo‘layotganligi (haydovchilar tomonidan belgilangan tezlikni meʼyordan oshirish, transport vositasini boshqarib ketayotib, uxlab qolish, piyodalar tomonidan belgilanmagan joylarda kesib o‘tish va mast holda yo‘lda harakatlanish, velosipedchilar tomonidan yo‘l harakati qoidalarini qo‘pol ravishda buzib harakatdagi transport vositasi yo‘liga chiqib ketish kabilar)ni eʼtiborga olib, ommaviy axborot vositalaridan keng foydalangan holda aholi o‘rtasida targ‘ibot-tashviqot ishlariga eʼtiborni kuchaytirish.
Ikkinchidan, voyaga yetmaganlar ishtirokidagi yo‘l-transport hodisalarini oldini olish maqsadida bolalarning yozgi taʼtili boshlanganligi sababli ota-onalarga bolalarni yo‘llarda eʼtiborli bo‘lib, yo‘l harakati qoidalariga qatʼiy rioya qilgan holda yurishlari ustidan nazoratni kuchaytirish haqida OAV orqali murojaatnomalar qilish.
Uchinchidan, yo‘l-transport hodisalarining aksariyat qismi davlat va mahalliy ahamiyatidagi yo‘llarda sodir etilayotganligi sababli umumfoydalanishdagi avtomobil yo‘llarining aholi yashash punktlaridan o‘tgan qismlarida trotuar va veloyo‘lakchalar barpo etish, ularni tungi vaqtlarda sunʼiy yoritilishini taʼminlash ishlarini jadal davom ettirish.
Toshkent davlat transport universiteti Yo‘l harakatini tashkil etish kafedrasi mudiri, texnika fanlari doktori, professor Nazarov Anvar ko‘tarilgan muammo yuzasidan o‘z yechimlarini bildirib o‘tdi.
“Piyodalar bilan bog‘liq yo‘l-transport hodisalarining ortib borishi haydovchilar va piyodalar tomonidan yo‘l harakati qoidalarini buzish hisoblanadi. Bu qoidabuzarliklar obyektiv va subyektiv sabablarga ko‘ra vujudga keladi. Shu o‘rinda savol tug‘iladi, nima sababdan yo‘l-transport hodisalarini vujudga kelishiga sabab bo‘layotgan yo‘l harakati qoidalarini buzishlar soni ko‘p? Buning sabablari juda ko‘p va har bir vaziyatga alohida baho berish zarur hisoblanadi. Ya’ni bu kabi holatlar haydovchining malakasi, uning huquqiy madaniyati, o‘z xatti-harakatlarini oqibatlarini to‘g‘ri baholay olishi, piyodalarning yo‘l harakat qoidalarini bilish va ularga rioya qilish darajasi, yo‘l sharoiti va harakatini tashkil etish holati, haydovchi va piyodalarni ko‘cha-yo‘l tarmoqlaridagi mavjud xavf-xatardan o‘z vaqtida ogohlantirish vositalarini to‘g‘ri qo‘llanilishi va h.k. Bu omillarni barchasini mujassamlangan holda qarash talab etiladi. Ulardan hattoki bittasini inobatga olmaslik, yo‘l-transport hodisasini vujudga kelishi uchun sharoit yaratadi. Piyodalar bilan bog‘liq yo‘l-transport hodisalarni kamaytirish uchun ushbu omillarni har birini maqbullashtirish talab etiladi. Buni amalga oshirish uchun mavjud har qanday muammoni o‘rganish va uning ilmiy asoslangan yechimini topish kerak bo‘ladi.
Yo‘l-transport hodisalarining oldini olish uchun umumiy tavsiya berish orqali ijobiy natijaga erishish qiyin. Shu boisdan, barcha sohadagi bo‘lgani kabi mazkur sohadagi muammolarga mutaxassis ko‘zi bilan qarash ijobiy natija beradi. Ming afsuski, bugungi kunda bu muammolar bilan shug‘ullanayotgan xodimlarni barchasini ham malakali mutaxassis deb ayta olmaymiz.
Menimcha, Hokimiyatlar qoshida yo‘l harakatini tashkil etish bo‘yicha alohida bo‘limlar tashkil etish va ularni shu sohani mutaxassislari bilan shakllantirish ijobiy natija beradi, chunki bu soha ham yetarlicha murakkab soha hisoblanadi. Shu sababdan bu muammo bilan yetarlicha malakaga ega bo‘lgan mutaxassislar shug‘ullanishlarini ta’minlash va o‘z navbatida ularning ham mas’uliyatini qat’iy belgilab qo‘yish zarur.
Bugungi kunda ko‘cha-yo‘l tarmoqlarini piyodalar uchun xavfsiz deb ayta olmaymiz. Yuqorida qayd etib o‘tganimdek, har bir holatga individual yondashish kerak bo‘ladi. Boshqarilmaydigan piyodalar o‘tish joylariga svetofor obektlarini o‘rnatilishi yaxshi tadbir bo‘ldi, ammo bu to‘liq yechim emas. Imkoniyat darajasida piyodalar va transport oqimlarni o‘zaro kesishishlariga barham berish kerak, uning iloji bo‘lmagan sharoitlarda piyodalar o‘tish joylarini tanlash va ularni jihozlash uchun vaziyatni chuqur o‘rganish va undan keyin ilmiy asoslangan holda yechim qabul qilish zarur, deydi texnika fanlari doktori, professor Nazarov Anvar.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, O‘zLiDeP fraksiyasi aʼzosi Shahnoza Xolmahamatova tezlikni oshirganlik uchun qatʼiy choralar ko‘rish kerakligini taʼkidladi.
“Belgilangan harakat tezligini soatiga 40 kilometrdan ko‘p kattalikda oshirib yurganlik uchun hech qanday ikkilanishsiz transport vositasini boshqarish huquqidan uch yil muddatga mahrum qilish taklifini bildiraman. Yaʼni, shahar ichida tezlik 60 etib belgilangan bo‘lsa, 100 tezlikda yuradigan “shovvoz” haydovchilar transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum bo‘lishi shart”, – deya yozgan Xolmahamatova.
Bu borada xorij tajribasi nima deydi?
Turli mamlakatlarda tezlikni belgilangan miqdordan oshirganlik uchun jazolar har xil. Masalan, AQShning har bir shtatida avtomobillar uchun o‘ziga xos yo‘l-qoidalari ishlab chiqilgan.
Amerikada jarimalar nafaqat qimmat, balki qoidabuzarlik qamoq jazosi bilan ham yakunlanishi mumkin. Bundan tashqari, Texas, Nyu York, Nyu Jersi, Michigan va boshqa shtatlarda ball tizimi joriy qilingan. Har bir qoidabuzarlik maʼlum miqdordagi ball bilan baholanadi. Misol uchun, agar siz Nyu York shahrida soatiga 1 dan 10 (1 milya –1,598 km) milyagacha tezlik chegarasidan oshib ketsangiz, haydovchi 3 ball oladi. To‘plangan ballar 18 dan oshsa, haydovchilik guvohnomasi muzlatib qo‘yiladi. Shuningdek, Virjiniya shtatida avtomobilni soatiga 80 milya (128 km/soat) tezlikda haydash uchun jarima miqdori – 2500 dollar yoki ikki yilgacha qamoq jazosi.
Germaniyada aholi yashash joyida avtomobilni 105 km/soat tezlikda boshqargan haydovchi 3 oygacha haydovchilik huquqidan mahrum qilinishi yoki 680 yevrogacha jarimaga tortilishi mumkin. Fransiyada esa tezlikni oshirgan haydovchi 1500 yevro miqdorida jarima va haydovchilik guvohnomasidan 3 yil muddatgacha mahrum qilinadi.
Jazoni qattiq qilish yechim bo‘ladimi?
“Jarimalarni oshirish kutilgan natijani beradi deb ayta olmayman. Yo‘l harakati qoidalarini buzganlik uchun jarima ballarini joriy etish va yo‘l harakati qoidalarini mensimaydigan, ularni qo‘pol ravishda buzishga moyil bo‘lgan haydovchilarni yo‘l harakatidan chetlatish lozim. Shu o‘rinda ular tomonidan haydovchilik huquqidan mahrum bo‘lganidan keyin avtomobillarni hujjatsiz boshqarishini oldini olish mexanizmlarini ishlab chiqish lozim. Jazo choralarini kuchaytirish masalasiga keladigan bo‘lsak, haydovchi yo‘l harakatini qasddan buzgan holda yo‘l-transport hodisasini sodir etgan taqdirda, bu jinoyatni qasddan sodir etgan deb malakalashtirish uchun O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksiga tegishli o‘zgartirishlar kiritish lozim. Yo‘llarimizda mast holatda yoki juda katta tezlikda harakatlanish, shunga o‘xshash yo‘l harakati qoidalarini qo‘pol ravishda buzish oqibatida yo‘l-transport hodisalarini sodir etishni ehtiyotsizlik oqibatida sodir etilgan deb malakalanishi mantiqan to‘g‘ri emas deb o‘ylayman. Zero, bu kabi yo‘l harakati qoidalarini buzayotgan haydovchilar o‘zlari tomonidan sodir etilayotgan harakatining qanday oqibatlarga olib kelishi mumkinligini juda yaxshi bilishadi”, deya fikr bildirdi Nazarov Anvar.
Ekologiya vazirining maslahatchisi, sobiq deputat Rasul Kusherbayev jazo choralarini kuchaytirish muammoga to‘liq yechim bo‘la olmasligini taʼkidlab, haydovchilarning ruhiy holatiga to‘xtalib o‘tdi.
“Jarimalarni katta ekanligi va jazo choralarini qatʼiy bo‘lishi ushbu muammoga butunlay yechim bo‘la olmaydi. Lekin eng katta muammo infratuzilmada, Masalan, katta yo‘l yoqalarida latok (ariq)larning usti ochiq holatda. Piyodani avtomobil urib ketmagan taqdirda ham, u yiqilib jarohat olishi mumkin. Ko‘p yo‘llarimiz chiroq, yaʼni tunda yo‘llarni yorituvchi chiroqlar bilan taʼminlanmagan. O‘zbekiston yo‘llari piyodalar uchun xavfli.
Huquqiy chorani kuchaytirish maʼlum bir miqdorda vaziyatni yaxshilashga xizmat qiladi. Lekin to‘liq emas. Bu chora qaytanga odamlarni kayfiyatiga salbiy taʼsir ko‘rsatishi mumkin. Shu boisdan yo‘llardagi sharoitlarni yaxshilash bilan parallel ravishda qoidabuzarlik uchun jazo choralarni kuchaytirish kerak. Toshkent shahridagi barcha maktablar oldiga radarlar qo‘yilsin, deyildi. Lekin maktablar oldida maktab o‘quvchilari bilan bog‘liq YTHlar sodir bo‘lishi kamaymadi. Shuning uchun maktablar oldiga radar yoki yo‘l belgisi qo‘yish bilan muammo hal bo‘lib qolmaydi. Menimcha, katta mablag‘ talab qilsa ham har bir maktab oldini panjara bilan to‘sib, yer osti yoki yer usti tunneli qurish kerak. O‘shanda radarlarni keragi bo‘lmaydi”, – deydi Rasul Kusherbayev “Daryo”ga.
Shu bilan birga Rasul Kusherbayev haydovchilarning ruhiy holatiga ham to‘xtalib o‘tdi.
“Haydovchilarni agressiv qilib qo‘yayotgan sabablardan biri — yo‘llardagi sharoit. Masalan, yo‘l chetiga magazinlar qurib tashlanmoqda, lekin avtomobil qo‘yishga joy yo‘q, Ayniqsa, bozorlar atrofida avtomobilni “parkovka” qilish muammo. Bu odamlarni o‘ta asabiy qilib qo‘ygan. Masalan, Yaponiyada yo‘llarning sifati juda yaxshi, haydovchilar uchun barcha sharoit mavjud. Yaʼni odamlarni jahlini chiqaradigan sabab mavjud emas. Men bunga Yaponiyaga borganimda guvoh bo‘ldim”, dedi Ekologiya vazirining maslahatchisi.
Avtomobilda harakatlanish davomida haydovchilarning ruhiy holati joyida emasligi va doim stressda bo‘lishiga ko‘p guvoh bo‘lamiz. Professor Zarifboy Ibodullayev buning sabablarini sanab o‘tdi.
Haydovchilik kasbi nevroz va depressiyaga olib keluvchi omillardan biri. Ayniqsa, jamoat transporti, yaʼni avtobus haydovchilar va taksichilarda nevroz, depressiya, agressiya kabi holatlar ko‘p uchraydi. O‘zbekiston sharoitidan kelib chiqadigan bo‘lsak, haydovchining asabini buzadigan va ruhiyatini charchatadigan quyidagi asosiy sabablar bor: 1) Yo‘lda 6-8 soatdan ko‘p haydovchilik qilish; 2) Yo‘lovchilarning haydovchilarga qo‘pol munosabati; 3) Haydovchilarning yo‘l qoidalariga rioya qilmasligi; 4) Yo‘llarning talabga javob bermasligi; 5) Tirbandlik; 5) Yo‘llarda qo‘yilgan kuzatuv kameralariga rioya qilishga harakat qilish; 6) Piyodalar yo‘lning belgilangan joyidan kesib o‘tmasligi; 7) Jarimalarning o‘ta qimmatligi.
Shu bilan birga professor haydovchilarga asab va ruhiyatni asrash uchun quyidagi maslahatlarga rioya qilishni tavsiya qildi.
- Yo‘lda 4-6 soatdan ko‘p haydovchilik qilmang;
- Havo issiq bo‘lgan vaqtlarda taʼtilga chiqishga harakat qiling;
- Haftada bir marotaba oila aʼzolaringiz bilan dam olishga chiqib turing;
- Erta saharda toza havoda yolg‘iz piyoda yuring. Kechqurun ham 1 soat yolg‘iz piyoda yurishga odatlaning;
- Haftada bir marotaba suzishga qatnab turing;
- Siz korxona rahbariga emas, oilangizga keraksiz! Shuni aslo unutmang. Oila uchun ishga chiqasiz, oila uchun ishdan qaytasiz;
- Farzand va nabiralar bag‘rida bo‘ling, ular sizning mehringizga, siz ularning mehriga to‘yib yashashga intiling.
- “Asab va ruhiyat ” kitobini o‘qing! Bu kitobda asab va ruhiyat buzilishlari va ulardan asranish haqida ko‘p maʼlumotlar topasiz.
- Rivojlangan xorij davlatlarida “Tibbiy psixolog” qabuliga qatnab turishadi. Siz ham shunga odatlaning
Jurnalist Sardor Ali tayyorladi
Izoh (0)