Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi “qadriyatim.uz”, “tanlov.manaviyat.uz” sayti va mobil ilovasini yaratish xizmati uchun 1,3 milliard so‘mlik (102 ming dollar) tender o‘tkazgani haqida xabar berilgan edi.
Platformaga joylangan, markaz direktori Otabek Hasanov imzolagan hujjatda yozilishicha, mazkur mablag‘ dasturiy taʼminot va mahsulotlar ishlab chiqish, axborot texnologiyalari sohasida konsalting xizmatlariga sarflanadi.
Mazkur xabarlar yuzasidan Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi munosabat bildirdi.
Maʼlum qilinishicha, 2023-yilning 22-dekabrida prezident tomonidan o‘tkazilgan yig‘ilishda bildirilgan taklif va tashabbuslarni amaliyotga keng joriy etish va sohani yanada rivojlantirish bo‘yicha dastur ishlab chiqilgan. Mazkur dasturning 10-bandida mamlakat aholisining o‘ziga xos qadriyatlari, urf-odat va anʼanalarini o‘zida aks ettirgan “Milliy qadriyatlar atlasi” kitob-albomi, sayti va mobil ilovasini yaratish vazifasi belgilangan.
Mazkur vazifa ijrosini taʼminlash maqsadida tegishli vazirlik, idoralarning malakali mutaxassislaridan iborat ijodiy guruh shakllantirilib, “qadriyatim.uz” portalini yaratish taklifi berilgan.
“Mazkur taklifdan kelib chiqib, “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi qonunga asosan, “e-tender” maxsus elektron portalida 915 210 000 so‘mlik eng yaxshi takliflarni tanlab olish tanlovi eʼlon qilingan. Unga ko‘ra, interaktiv shaklda eng zamonaviy axborot texnologiyalaridan foydalanib, nomoddiy madaniy merosimiz, xalqimizning o‘ziga xos urf-odatlari haqidagi batafsil ilmiy maʼlumotlarni joylashtirish imkonini beradigan uchta tildagi platforma va mobil ilova yaratish shartlari qo‘yilgan.
Shuningdek, unda mamlakatimiz turizm salohiyatini oshirish maqsadida xorijiy sayyohlar uchun milliy mahsulotlarimizni topish, eng diqqatga sazovor joylarning manzillari haqida bilish imkoniyatini yaratish ham nazarda tutilgan.
“tanlov.manaviyat.uz” platformasi va ularning mobil ilovasini yaratish takliflar tanlovi esa prezidentning 2024-yil 21-fevraldagi “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida”gi farmonining 1-ilovasi 98-bandida belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida eʼlon qilingan. Bunda jamiyatda zamonaviy bilimlarni oshirishga qaratilgan qiziqarli test savollarini o‘z ichiga olgan yutuqli o‘yin va viktorinalarning maxsus platformasini, ularning mobil ilovasini yaratish nazarda tutilgan.
Mazkur vazifa ijrosini taʼminlash maqsadida yuqoridagi tartiblar asosida “e-tender” maxsus elektron portali orqali 369 640 000 so‘mlik eng yaxshi takliflarni tanlab olish tanlovi eʼlon qilingan va o‘tkazilgan”, deyiladi xabarda.
Qo‘shimcha qilinishicha, tanlovlarda ishtirok etish xohishini bildirgan ishtirokchilar orasidan g‘olibni tanlash tegishli qonun hujjatlarida belgilangan tartibga asosan majburiy tartibda elektron shaklda o‘tkazilgan.
Tanlovlarni o‘tkazishda ochiqlik va shaffoflik, raqobat va xolislik, korrupsiyaga yo‘l qo‘ymaslik prinsiplariga amal qilingan, deyiladi xabarda.
Izoh (0)