Eron Islom inqilobi qoʻriqchilari korpusi AQSH prezidenti Donald Trampning “muzokara olib borilayotgani” haqidagi daʻvolarini rad etdi. Bu haqda Reuters xabar berdi.
Tramp ehtimoliy kelishuvlar boʻyicha Eron bilan muzokara olib borilayotganini aytgandi. Islom inqilobi qoʻriqchilari korpusini bunga javoabn AQSH “oʻzi bilan oʻzi muzokara oʻtkazayotgani”ni taʻkidladi. Bu bayonot AQSH Tehronga muhokama uchun 15 banddan iborat reja yuborgani haqidagi xabarlar fonida yangradi.
“Ichki kurashingiz darajasi (AQSH nazarda tutilgan) o‘zingiz bilan oʻzingiz muzokaralar olib borish bosqichiga yetdimi? Bizga o‘xshaganlar sizdaylar bilan hech qachon chiqisha olmaydi. Oldin ham aytganimizday... siz bilan hech kim kelisha olmaydi. Nafaqat hozir, balki hech qachon”, dedi Eron qo‘shma qo‘mondonligi bosh vakili Ibrohim Zulfiqoriy Eron davlat televideniyesi efirida.
Eron rahbariyati avval ham AQSH bilan muzokara olib borilmasligini aytgandi. Sababi Vashington so‘nggi ikki yil ichida oliy darajadagi muzokaralarda Eronga ikki marta hujum qilgani taʻkidlangan.
“Eron Amerika diplomatiyasi boʻyicha juda yomon tajribaga ega”, degan Eron tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Ismoil Baqoiy.
U Vashington bilan hech qanday muloqot yoki muzokara olib borilmagani, chunki Eron mamlakatni himoya qilishga eʻtibor qaratganini aytgan.
Tramp 24-mart kuni Oq uyda jurnalistlarga AQSH Erondagi “to‘g‘ri odamlar” bilan urushni tugatish bo‘yicha “muzokaralar” olib borayotganini aytdi. U eronliklar kelishuvga erishishni “juda xohlayotganini” qo‘shimcha qildi.
25-mart kuni mazkur bayonotlar ortidan aksiyalar ko‘tarilib, neft narxi tushdi. The New York Times gazetasi 24-mart kuni Vashington Eronga Yaqin Sharqdagi urushni tugatish bo‘yicha 15 banddan iborat reja yuborgani haqida xabar berdi.
Isroillik manbalar AQSH bu rejani muhokama qilish uchun bir oylik o‘t ochishni to‘xtatishni so‘rayotganini taʻkidladi.
Reja Eron yadroviy dasturini, “Hizbulloh” kabi proksi-guruhlarni qo‘llab-quvvatlashni to‘xtatish va Hormuz bo‘g‘ozini qayta ochishni o‘z ichiga oladi, deya xabar berdi isroillik manba.
AQSH va Isroil 28-fevral kuni Eron yadroviy dasturi bo‘yicha muzokaralarda natija bo‘lmaganini vaj qilib, Eronga zarbalar berdi. Muzokaralarda vositachi boʻlgan Ummon esa aksincha, sezilarli yutuqlar bo‘lganini aytdi. 2025-yil iyun oyida ham AQSH Eronning yadroviy obyektlariga hujumlar qilgandi.
28-fevral kuni AQSH “Epik g‘azab” operatsiyasini boshladi, hujumlarda Eron oliy rahnamosi Oyatulloh Ali Xomanaiy halok boʻldi. Eron AQSH va Isroil hujumlarga javoban ularning obyektlariga, shuningdek, Fors ko‘rfazi davlatlarining energetika infratuzilmasiga zarbalar yoʻlladi. Dunyodagi neft va suyultirilgan gazning beshdan bir qismi o‘tadigan Hormuz bo‘g‘ozini amalda yopib qoʻydi. Bu esa neft narxining global oshishiga olib keldi.
Eron BMT Xavfsizlik kengashi va Xalqaro dengiz tashkilotiga “dushman bo‘lmagan kemalar” Eron rasmiylari bilan kelishgan taqdirda Hormuz bo‘g‘ozidan o‘tishi mumkinligini aytdi.
Eng katta zarbani Osiyo mamlakatlari sezmoqda, ular Hormuz orqali o‘tadigan neftning 80 foizidan ortig‘ini sotib oladi. Hukumatlar yoqnilg‘i tanqisligiga qarshi masofaviy ishlash, rag‘bat paketlari kabi choralarni joriy qilmoqda. Ba’zi davlatlar hatto maktablarni yopib, dam olish kunlarini e’lon qilgan.
Xalqaro energetika agentligi inqirozga qarshi kurashish uchun strategik zaxiralardan rekord darajadagi 400 million barrelga yaqin neft chiqarishga rozi bo‘ldi.

.jpg)
Izohlar
Izoh qoldirish uchun, avval