AQSH va Isroilning Eronga hujumlariga javoban Tehron Yaqin Sharqdagi Amerika bazalariga zarba berib kelmoqda. The New York Times nashriga ko‘ra, shu kungacha kamida yettita harbiy obyektda jiddiy talafotlar qayd etilgan. Bu haqda amerikalik nashr o‘rgangan sun’iy yo‘ldosh tasvirlari va voqea joyidan olingan video lavhalarga tayanib “RBK” xabar berdi.

Ma’lum bo‘lishicha, kamida beshta davlat: Qatar, Bahrayn, Kuvayt, Saudiya Arabistoni va BAAdagi aloqa va radar tizimlariga tegishli yoki ularning yaqinida joylashgan uskunalar shikastlangan. Videolarda ballistik raketalarni kuzatish mexanizmlari, sun’iy yo‘ldosh antennalari va radar gumbazlariga yetgan zararlar aks etgan.
Bahrayn: harbiy-dengiz floti shtab-kvartirasi
Tasdiqlangan videolarga ko‘ra, 28-fevral, shanba kuni Eron droni Bahrayn poytaxti Manamadagi AQSH Harbiy-dengiz kuchlarining beshinchi floti qarorgohidagi radar gumbaziga zarba bergan.
Ushbu baza AQSHning mintaqadagi dengiz operatsiyalarini muvofiqlashtiruvchi asosiy markaz hisoblanadi. Sun’iy yo‘ldosh tasvirlari u yerda kamida yana bitta radar gumbazi yo‘q qilinganini ko‘rsatgan.
Vayron qilingan tuzilmalardan ikkitasi AQSH harbiylari uchun yuqori tezlikdagi real vaqt rejimidagi aloqani ta’minlovchi AN/GSC-52B sun’iy yo‘ldosh aloqa terminallari bo‘lgan.
Qatar va Kuvayt: strategik markazlardagi talafotlar
Qatardagi Al-Udeyd aviabazasining 1-martdagi suratlarida sun’iy yo‘ldosh antennalari bilan o‘ralgan chodir yo‘q qilingani va bir nechta antennalar shikastlangani ko‘rinadi.
Al-Udeyd AQSHning Yaqin Sharqdagi eng yirik bazasi va Markaziy qo‘mondonlik (CENTCOM) shtab-kvartirasi sanaladi. 2025-yilgi 12 kunlik urush paytida ham Eron bu yerdagi radar gumbaziga ballistik raketa bilan zarba bergan edi.
Kuvaytdagi Arifjan lagerida 1-mart tongiga qadar kamida uchta radar gumbazi vayron qilingan. Undan 80 kilometr shimoli-sharqdagi Ali as-Salem bazasida esa aloqa infratuzilmasi yaqinidagi 6 ta bino shikastlangan. 3-mart, seshanba kungi yangi hujumlar oqibatida yana ikkita bino jiddiy zarar ko‘rgan.
Saudiya Arabistoni va BAA: raketalarga qarshi tizimlar
Eron 28-fevral oqshomida Saudiya Arabistonidagi “Sulton shahzoda” aviabazasiga raketa va dronlar bilan hujum qilganini e’lon qildi. Ertasi kuni bazadan 10 kilometr sharqdagi maxsus himoyalangan hududda joylashgan binodan tutun chiqayotgani qayd etildi.
BAAdagi Al-Ruvays bazasida esa ballistik raketalarni tutib qolish uchun mo‘ljallangan AN/TPY-2 radar tizimi yaqinidagi inshootlar hujumga uchragan. Tizimning o‘zi shikastlangani hozircha aniq emas. Shuningdek, Al-Dhafra bazasidan 170 kilometr sharqdagi obyekt ham hujumga uchragan — u yerda futbol maydoni kattaligidagi hududda binolar va chodirlar vayron bo‘lgan.
The New York Times ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu bazalar 2-mart kuni takroriy hujumlarga uchragan bo‘lishi mumkin. Hozircha AQSH rasmiylari talafotlar ko‘lami bo‘yicha rasmiy bayonot bergani yo‘q.