Shavkat Mirziyoyev rahbarligidagi 23-fevral kungi yigilishda respublika hududlarida issiqlik va kogeneratsiya markazlarini qurish dasturini ishlab chiqish va amalga oshirish topshirildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Yig‘ilishda yaqin yillarda jami 602 kilometr uzunlikdagi “Tolimarjon – Soʻgʻdiyona”, “Sirdaryo – Halqa” va “Qorakoʻl – Nurobod” liniyalarini, 2030-yilga qadar “Yangi Angren – Namangan” tarmogʻi hamda “Namangan” nimstansiyasini qurish rejalari haqida axborot berildi.

Toshkent shahrida 75 kilometr yuqori kuchlanishli tarmoqlar va 5 ta nimstansiya qurish, 69 kilometr tarmoq hamda 18 ta nimstansiyani modernizatsiya qilish, 638 kilometr past kuchlanishli tarmoqlar va 161 ta transformator shoxobchalarini modernizatsiya qilish topshirildi.

Qoʻshni davlatlar bilan energetika tizimlarini integratsiya qilish hisobiga vodiy viloyatlarida elektr taʼminotini yaxshilash rejalari ham muhokama qilindi. “Surxon – Puli-Xumri” yuqori kuchlanishli tarmogʻi va uning nimstansiyalari qurilishini jadallashtirish vazifasi qoʻyildi.

Energiya samaradorligi borasida hali koʻp ishlar qilinishi shartligi qayd etildi. Soha va tarmoqlarda 2026-yilda elektr 4 milliard 378 million kilovatt-soat elektr energiyasi, 2 milliard 840 million kub metr tabiiy gaz tejash uchun tizimli va manzilli choralar koʻrish zarurligi koʻrsatib oʻtildi. Yirik korxonalarda ishlab chiqarish hajmini oʻzgartirmasdan energiya sarfini kamida 10 foizga kamaytirish, tarmoqlar va ijtimoiy obyektlarda energiya samaradorligini oshirish uchun 200 million dollar resurs jalb etish choralari belgilandi.

Respublika hududlarida issiqlik va kogeneratsiya markazlarini qurish dasturini ishlab chiqish va amalga oshirish topshirildi. Toshkent shahrining har bir tumanida bittadan kogeneratsiya markazini tashkil etish ishlari davom ettiriladi, Yunusobod tajribasi asosida hududlarda 7 ta kogeneratsiya markazlari quriladi. Issiqlik stansiyalari kuz-qish mavsumida barqaror ishlashini taʼminlash maqsadida ular uchun suyultirilgan gazni saqlash infratuzilmasini barpo etish masalasini oʻrganib, takliflar kiritish topshirildi.

Yigʻilish yakunida prezident strategik loyihalarni oʻz vaqtida ishga tushirish, magistral va taqsimlovchi tarmoqlarni jadal rivojlantirish, energiya samaradorligini oshirish yuzasidan qoʻshimcha topshiriqlar berdi.