O‘zbekistonda mahalliy korxonalar uchun xomashyo importiga bojlar to‘liq qayta ko‘rib chiqiladi.

Shavkat Mirziyoyev 13-fevral kuni tarmoq va hududlarda yuqori iqtisodiy o‘sish surʼatlarini taʼminlash bo‘yicha asosiy vazifalar muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilishda mutasaddilarga shu haqda topshiriq berdi.

Qayd etilishicha, elektrotexnika korxonalari o‘tgan yili 27 milliard so‘mlik imtiyozdan foydalanib, eksportni 83 million dollarga, byudjetga tushumni 46 milliard so‘mga oshirgan. Ular alyumin katankani import boji bo‘yicha imtiyoz muddatini uzaytirishni so‘ragan.

Mamlakatda zargarlik sanoati uchun qimmatbaho va yarim qimmatbaho toshlarga, metallurgiya sanoati uchun yuqori haroratga chidamli bo‘yoqlarga, oziq-ovqat korxonalari foydalanadigan sitrus konsentratlariga ham boj belgilangan. Ular endi qayta ko‘rib chiqiladi.

Shu bilan birga, gilam ishlab chiqaruvchilarga kafolatli xomashyo bazasi yaratilgani uchun uch yilda sohada eksport 2 karra oshgani, mebelchilar uchun yog‘och olib kelishga yengillik berilgani hisobiga ikki yilda ishlab chiqarish 1,4 barobar ko‘paygani taʼkidlandi.

Qog‘oz va karton zaxirasini yaratish masalasi

Mebelchilar polimer, eshik-romchilar alyumin xomashyosini, maishiy kimyo korxonalari pigment va aromatizator, umuman, ishlab chiqaruvchilar mahsulotini qadoqlash uchun qog‘oz va karton zaxirasini yaratish masalasini ko‘targan.

“Tashqi bozorda xomashyo arzon paytda zaxira qilish uchun imtiyozli resurs bo‘lsa, tashish xarajatining bir qismi qoplansa, bunday tarmoqlar ham iqtisodiy o‘sishga turtki beradi”, degan prezident.

Davlat rahbari kichik korxonalarning xomashyoga ehtiyojini aniqlab, qaysi davlatdan, qancha miqdorda va qanday narxda olib kelishi, transport xarajatini hisob-kitob qilib, xomashyo zaxirasini shakllantirish vazifasini qo‘ydi.