Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu 24-dekabr kuni mamlakat boshqa davlatlarga qaramlikni kamaytirish maqsadida o‘zining mustaqil qurol sanoatini rivojlantirish uchun 350 milliard shekel (110 milliard dollar) sarflashini ma’lum qildi. Bu haqda Al Arabiya xabar berdi.

Yangi uchuvchilarni tayyorlash marosimida so‘zga chiqqan Netanyaxu Isroil o‘zini mustaqil ravishda qurollantirishga intilayotganini ta’kidladi.

“Biz zaruriy vositalarni sotib olishda davom etamiz, shu bilan birga o‘zimizni mustaqil qurollantiramiz. Davlat butunlay mustaqil bo‘la oladimi-yo‘qmi, bilmayman, lekin zarur qurollar imkon qadar ko‘proq Isroilning o‘zida ishlab chiqarilishiga intilamiz. Maqsadimiz har qanday tomonga, jumladan, ittifoqchilarga bo‘lgan qaramlikni ham kamaytirishdir”, dedi bosh vazir.


HAMAS sulhni buzganlikda ayblandi

Netanyaxu, shuningdek, falastinlik HAMAS guruhini G‘azo sektoridagi sulh kelishuvini buzganlikda yana bir bor aybladi. Bu Rafah shahrida portlovchi qurilma oqibatida isroillik ofitserning jarohatlangani bilan izohlanmoqda. Ma’lum qilinishicha, G‘azo janubidagi Rafah hududida harbiy mashinaga qarshi portlovchi qurilma ishga tushirilgan va oqibatda bir ofitser yengil jarohat olgan.

Bosh vazir idorasi e’lon qilgan bayonotda HAMAS oktyabr oyidagi kelishuvga to‘liq amal qilishi shartligi uqtirildi. Hujjatda qayd etilishicha, mazkur kelishuv jangari guruhning G‘azodagi hokimiyatdan chetlatilishini, hududni demilitarizatsiya (qurolsizlantirish) va deradikalizatsiya qilishni ko‘zda tutadi.

“Isroil bunga munosib tarzda javob qaytaradi”, deyiladi bayonotda.


G‘azodagi vaziyat: Sulhdan keyingi qurbonlar G‘azoda 10-oktyabrdan buyon o‘t ochishni to‘xtatish rejimi amal qilayotgan bo‘lsa-da, zo‘ravonliklar butunlay to‘xtagani yo‘q. Har ikki tomon ham muntazam ravishda bir-birini sulh shartlarini buzishda ayblab kelmoqda. G‘azo sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, sulh kuchga kirganidan buyon Isroil hujumlari oqibatida hududda 400 dan ortiq kishi halok bo‘lgan.