Tashqi ishlar vazirligi xabariga ko‘ra, so‘nggi kunlarda Amerika Qo‘shma Shtatlari bo‘ylab federal migratsiya organlari tomonidan kuchaytirilgan reydlar o‘tkazilmoqda.
Tekshiruvlar jarayonida quyidagilarga e’tibor qaratilmoqda:
- Haydovchilik guvohnomalarining haqiqiyligi;
- Hujjatlarning muddati va qonuniyligi;
- Ish huquqi va migrasion maqom;
- Haydovchilarning ingliz tilini bilish darajasi.
AQSH hukumati noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashni kuchaytirgani sababli federal yo‘llarda keng vakolatlar asosida faol reydlar o‘tkazilmoqda. Ba’zi ushlangan shaxslar bir nechta haydovchilik guvohnomasidan foydalanish yoki terrorizmga oid gumonlar bilan tilga olinmoqda.
Yuqoridagi holatlarni inobatga olib, TIV AQSHda avtomobil boshqarayotgan fuqarolardan quyidagilarga amal qilishni so‘radi:
- Hujjatlarni tartibga keltiring;
- Qonuniy maqomingizni tasdiqlovchi hujjatlarni o‘zingiz bilan olib yuring;
- Shubhali yoki muammoli holatlar bo‘lsa, darhol O‘zbekistonning AQSHdagi diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalariga murojaat qiling.
Bundan avval AQSHning Arizona shtatida 5 ta haydovchilik guvohnomasi bilan trak haydagan O‘zbekiston fuqarosi YTHdan so‘ng qo‘lga olingani haqida xabar berilgandi. O‘zbekiston fuqarosi AQSH kirishi taqiqlangan shaxs sifatida qo‘lga olingan va deportatsiya jarayoni boshlangan. Mahalliy huquq-tartibot idoralari hodisa joyidan trakni evakuator yordamida olib ketgan.
9-noyabr kuni AQSH Immigratsiya va bojxona nazorati xizmati trak boshqargan yana bir o‘zbekistonlikni qo‘lga olgandi. 31 yoshli Ahror Bozorov 2022-yilda terrorchilik tashkilotga aloqadorligi uchun O‘zbekistonda qidiruvga berilgan. Mamlakat rasmiylari uni internetda jihodga chaqiruvchi terrorchilik targ‘ibotini tarqatishda va odamlarni jihodchilik harakatiga jalb qilishda ayblamoqda.


Izohlar
Izoh qoldirish uchun, avval