Qanday qilib katta mablag‘ topish bo‘yicha asarlari bilan tanilgan Robert Kiyosaki 2024-yildan buyon o‘zidagi qarz majburiyatlarini qoplashda qiyinchiliklarga duch kelayotgani haqida ma’lumotlar paydo bo‘ldi. Tadbirkor hozirda sezilarli moliyaviy muammolar girdobida qolgan.
Kiyosakining ta’kidlashicha, uning banklar oldidagi jami qarzdorligi 1,2 milliard dollarni tashkil etadi. U bu borada “The Iced Coffee Hour” podkastining so‘nggi sonida ochiq gapirib, o‘zining mashhur iboralaridan birini yana bir bor eslatdi:
“Agar siz bankka 20 million qarz bo‘lsangiz, bu sizning muammongiz, ammo agar siz bankka bir milliard qarz bo‘lib, uni to‘lay olmasangiz, bu bankning muammosiga aylanadi”.
Ushbu fikr aslida J. Pol Getti yoki iqtisodchi Jon Keynsga mansub ekani aytiladi, biroq Kiyosaki undan o‘zining asosiy moliyaviy shiori sifatida foydalanib keladi.
Ma’lumki, muallifning mashhur “Boy ota, kambag‘al ota” asari 51 tilga tarjima qilingan, dunyoning 100 dan ortiq mamlakatida chop etilgan. Shunga qaramay, kitob nashr etilganidan buyon mutaxassislar tomonidan ko‘plab tanqidlarga uchragan. Xususan, moliyaviy maslahatchi Jon T. Rid ushbu asarni “noto‘g‘ri moliyaviy tavsiyalar va ishonchsiz voqealar bilan to‘ldirilgan” deb baholaydi. Uning fikricha, kitobdagi ko‘plab tavsiyalar oddiy o‘quvchi uchun real hayotda salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin.
Kiyosakining hozirgi moliyaviy ahvoli yuzasidan ochiq manbalarda qo‘shimcha ma’lumotlar ham mavjud. U bankdan milliard dollarlab qarzdorligini, biroq bu uning alohida strategiyasi ekanini aytgan. Robert qarzni investitsiya vositasi sifatida ko‘rib, “qarz orqali boylik orttirish” tamoyiliga amal qilayotganini bildirgan. Uning konsepsiyasiga ko‘ra, “yaxshi qarz” daromad keltiradigan aktivlar xaridiga xizmat qiladigan, “yomon qarz” esa faqat iste’mol xarajatlari bilan bog‘liq bo‘lgan qarz turidir.
Ammo 2012-yilda Kiyosakining “Rich Global LLC” kompaniyasi bankrot deb e’lon qilingan — bu esa uning qarzga asoslangan strategiyasi o‘zida sezilarli risklarni mujassam etganini ko‘rsatadi.


Izohlar
Izoh qoldirish uchun, avval