Toshkent davlat tibbiyot universitetining hindistonlik talabasi Toshkent-Dehli yo‘nalishidagi samolyotda 48 yoshli ayolning hayotini saqlab qoldi. Bu haqda Mathrubhumi News telekanali xabar bermoqda.

Voqea 2025-yil 29-iyulda Toshkent-Dehli yo‘nalishidagi samolyot bortida yuz bergan. Parvoz paytida yo‘lovchilardan birining ahvoli to‘satdan yomonlashgan. Ekipaj yo‘lovchilardan yordam so‘raganda, Toshkent davlat tibbiyot universiteti Xalqaro fakultet talabasi, Hindiston fuqarosi Muhammad Anis darhol javob bergan.
Talabaning aytishicha, u e’lonni eshitishi bilan yordam berishga shaylangan. U 48 yoshli ayolni ko‘zdan kechirgach, unga taxikardiya xuruji, ya’ni vahima va xavotir bilan kechayotgan yurak urishining tezlashuvi tashxisini qo‘ygan. Samolyotdagi cheklangan sharoitlarga qaramay, Anis o‘zini yo‘qotmasdan yurak urishini me’yorlashtiruvchi uyqu arteriyasini uqalash usulini qo‘llagan. Atigi 10-15 soniyadan so‘ng yo‘lovchi ayolning ahvoli yaxshilana boshlagan.
“Men hali shifokor emasman, ammo bu kasbni o‘rganmoqdaman. Bunday vaziyatlarda o‘zini yo‘qotmaslik muhim. Eng asosiysi, qanday harakat qilish kerakligini bilishdir”, deya ta’kidladi Anis.
Samolyot Dehli xalqaro aeroportiga qo‘ngach, bemorni shifokorlar kutib olgan. Bo‘lajak shifokorning o‘z vaqtida ko‘rsatgan yordami tufayli hayotga xavf soluvchi vaziyatning oldi olingan.
“Muhammad Anis O‘zbekistondagi nufuzli tibbiyot fakultetlaridan birida ta’lim olmoqda, u yerda yuzlab xorijlik talabalar tahsil oladi. Uning bu harakati yuqori darajadagi tayyorgarlik va birinchi yordam ko‘rsatish ko‘nikmalarining naqadar muhimligini yana bir bor isbotladi”, deyiladi xabarda.
Izoh (0)