Afg‘onistonning BMTdagi rasmiy o‘rni hanuz tan olinmayotgani sababli Tolibon” matbuot kotibi Zabihulloh Mujohid tashkilotni keskin tanqid qildi. Bu haqda Ariana News xabar berdi.

Mujohidning so‘zlariga ko‘ra, BMT endilikda o‘zining betarafligi va mustaqilligini yo‘qotgan.
BMT betaraf muassasa bo‘lib qolishi kerak edi. Biroq hozirda u G‘arbning siyosiy ko‘rsatmalari ta’sirida faoliyat yuritmoqda. U o‘z samaradorligi va mustaqilligini yo‘qotgan, dedi u.
Mujohidning fikricha, hozirda BMTda Afg‘oniston nomidan nutq so‘zlayotgan diplomat avvalgi hukumat davrida tayinlangan.
U qanday tamoyillar va qoidalarga asoslanib ish olib bormoqda? Uning ichki qonuniyligi yo‘q va u Afg‘oniston xalqini ifoda etmaydi, dedi “Tolibon” rasmiysi.
“Tolibon” 2021-yil avgust oyida hokimiyatni qo‘lga kiritganidan beri xalqaro e’tirofni talab qilib kelmoqda. Jumladan, Afg‘onistoning BMTdagi o‘rnini “Tolibon” tomonidan tayinlangan elchiga topshirish chaqirig‘i yangrab keladi.
Takroriy so‘rovlarga qaramay, BMT bu borada har yili qaror qabul qilishni kechiktiradi. Hozirda esa mamlakatning BMTdagi vaqtincha elchisi sifatida avvalgi hukumat davrida tayinlangan Nosir Ahmad Fayq faoliyat yuritmoqda.
“Tolibon”ning elchini o‘zgartirish borasidagi da’volari G‘arb davlatlari va inson huquqlari tashkilotlari qarshiligiga uchramoqda. Ular Afg‘onistonda ayollar va qizlar huquqlari cheklangani, siyosiy inklyuzivlik yo‘qligi va asosiy erkinliklar poymol etilayotgani borasida jiddiy xavotir bildirgan.
Izoh (0)