Apple kompaniyasi 9-avgust kuni Xitoyning Parkland Mall savdo markazidagi 2015-yilda ochilgan do‘konini yopadi. Bu haqda The New York Times xabar berdi.

Savdo markazi Xitoyda iste’mol xarajatlarining kamayishi fonida faoliyat yuritishda qiynalmoqda. Michael Kors, Armani, Coach va Hugo Boss kabi mashhur brendlar ham bu yerdagi do‘konlarini allaqachon yopib ketgan.
Parkland Mall’dagi bir qancha chakana sotuvchilarning chiqib ketganini inobatga olib, biz ham do‘konimizni yopishga qaror qildik, dedi Apple vakili Brayan Bamberi.
Ushbu yopilish Apple brendining Xitoydagi faoliyatida ilk marta yuz berayotgan hodisadir. Bu kompaniyaning mintaqadagi murakkab ahvolini aks ettiradi. Xitoy Apple uchun ahamiyati bo‘yicha AQSHdan keyin ikkinchi yirik bozor hisoblanadi. Biroq so‘nggi olti chorakda kompaniyaning Xitoydagi savdosi izchil pasaymoqda.
Bunday pasayish, ayniqsa, Huawei, Xiaomi va Vivo kabi mahalliy kompaniyalarning kuchayib borayotgan raqobati fonida kuzatilmoqda. Counterpoint Research ma’lumotlariga ko‘ra, 2024-yil davomida Apple’ning Xitoydagi smartfon bozoridagi ulushi 17,9 foizdan 15,5 foizgacha qisqargan.
Izoh (0)