Rossiya sobiq bosh sanitariya shifokori Gennadiy Onishenko migrantlarni mamlakatga kirishdan oldin tekshirish va emlashga chaqirdi.

Unga ko‘ra, agar Rossiyaga xorijiy mutaxassislar zarur bo‘lsa, ularning mamlakatda qolishi aniq shartlar asosida tartibga solinishi kerak. U hozirda “migrantlar olib kirgan” meningokokk infeksiyasi tarqalishi yuzasidan muhokamalar olib borilayotganini aytdi.
Kechirasiz-u, nimaga qo‘l qovushtirib o‘tiribsiz? Muhojirlarsiz yashay olmaymiz. Moskvada ularsiz bir kun ham o‘tkazib ko‘ring-chi! Men ertalab soat beshda sayrga chiqsam, ikki tojik hovlini supurayotgan bo‘ladi — ular katta va savobli ish qiladi. Bizda hech kim farrosh bo‘lib ishlashni xohlamaydi. Agar migrantlarni jalb qilsak, ularga shartlar qo‘yishimiz kerak, dedi u.
Onishenkoning aytishicha, Rossiyaga mehnat muhojirlarini olib kirishda, avvalgidek, ularning mamlakatlari bilan emlash va tibbiy ko‘rik bo‘yicha shartnomalar tuzish kerak. Misol tariqasida u dunyoda OITS tarqalgan yillarni keltirdi.
O‘shanda biz davlatlar bilan shartnomalar tuzib, ularning fuqarolari bizga tekshiruvdan o‘tib kelishi shartligini aytgandik. Ba’zi davlatlarga ishonib ularning hujjatlarini tan oldik. Ayrimlarini esa o‘zimiz tekshirdik. Hozir migratsiya xizmatini tartibga solish kerak. Zarur bo‘lsa, emlash shart! Tojikiston va O‘zbekiston bu boradagi hamkorlikdan hech qachon voz kechmagan, deb ta’kidladi u.
2024-yilda Rossiyaga turli davlatlardan qariyb 6,3 million migrant kelgan. Ulardan 23,3 foizini O‘zbekiston fuqarolari tashkil qilgan bo‘lib, bu deyarli 1,5 million kishiga teng. Shuningdek, migrantlarning 16,7 foizini Tojikiston, 10,4 foizini Qirg‘iziston, 9,5 foizini esa Belarus fuqarolari tashkil etgan.
Izoh (0)