Xitoy elektr stansiyalarini ishdan chiqarib, elektr ta’minotini to‘liq uzib qo‘yishga qodir qurolni yaratdi. Uning animatsion videosi davlat telekanalida namoyish qilindi. Bu haqda South China Morning Post xabar berdi.

Bu qurol dushmanning boshqaruv va nazorat tizimlarini ishdan chiqarib, kamida 10 ming kvadrat metr maydonda keng ko‘lamli elektr uzilishlarini keltirib chiqarishi mumkin. Qurolning nomi yoki aniq turi oshkor etilmagan. U aks etgan videoda qurol “mamlakatda ishlab chiqarilgan sirli raketa turi” deb atalgan.
Ekspertlar bu grafit bombasi yoki raketasi bo‘lishi mumkinligini taxmin qilmoqda. U rivojlanishning qaysi bosqichiga yetgani yoki Xitoy harbiylari tomonidan qo‘llangani noma’lumligicha qolmoqda.
Videoda qurol yerda joylashgan transport vositasidan uchirilishi aks etgan. Shundan so‘ng u havoda 90 ta silindrsimon kichik konteynerlarni chiqaradi. Ular yerga tushgach sakrab, havoda portlaydi. Bu konteynerlar ingichka uglerod tolalarini tarqatib, portlaydi va energiya infratuzilmasi tarmoqlarida qisqa tutashuvni yuzaga keltiradi.
Videodagi ma’lumotlarga ko‘ra, qurolning ta’sir masofasi 290 kilometr, zaryadining og‘irligi esa 490 kilogrammni tashkil etadi. Hozircha Xitoy armiyasining qurol-yarog‘laridagi grafit tizimlari haqida juda oz ma’lumot mavjud.
Izoh (0)