Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu AQSHni Eron bilan keng ko‘lamli urushga kiritish maqsadida AQSH prezidenti Donald Trampni aldamoqda. Bu haqda Milliy Eron—Amerika kengashi prezidenti Jamol Abdi ma’lum qildi, deya xabar bermoqda Al Jazeera.

Nashrning ta’kidlashicha, AQSH prezidentining Isroil va Eron o‘rtasidagi mojaroga aralashish bo‘yicha pozitsiyasidagi o‘zgarishlar ba’zi tahlilchilarni Trampning aniq strategiyasi yoki “o‘yinning yakuniy maqsadi” yo‘q bo‘lishi mumkin, degan xulosaga kelishga undagan.
Ekspertning fikricha, Trampning so‘nggi bayonotlarining ehtimoliy sababi “Netanyaxuning uni aldab, Qo‘shma Shtatlarni Eron bilan keng ko‘lamli urushga tortishga urinishi” bo‘lishi mumkin.
Abdi Amerika yetakchisining bunday xatti-harakatiga yana bir izoh sifatida Trampning Eronni “to‘liq taslim bo‘lish” talablarini qabul qilishga majburlash uchun kuch bilan tahdid qilish orqali o‘z ta’sirini oshirishga intilayotganini keltirgan.
“Menimcha, u o‘zini oldindan aytib bo‘lmaydigan telba qilib ko‘rsatishga urinmoqda. Shu yo‘l bilan u Eron o‘n yillar davomida rad etib kelgan juda qattiq talabni, ya’ni uran boyitish dasturini butunlay to‘xtatishni talab qilmoqchi”, dedi Jamol Abdi.
Bundan oldin Oq uy Tramp ikki hafta ichida Eronga zarba berish bo‘yicha qaror qabul qilishini ma’lum qilgandi. Ta’kidlanishicha, Amerika yetakchisi bu qarorini Eron bilan muzokaralar o‘tkazish ehtimoli oshgani bilan izohlagan.
Izoh (0)