Jinoyat ishlari bo‘yicha Shayxontohur tuman sudida bugun, 16-iyun kuni Qobil Dusovga (1984-yilda Samarqand viloyatida tug‘ilgan, muqaddam sudlangan) oid jinoyat ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha ochiq sud jarayoni yakunlanib, sud hukmi eʼlon qilindi. Bu haqda Oliy sud matbuot xizmati xabar berdi.

Maʼlum qilinishicha, ushbu jinoyat ishi jinoyat ishlari bo‘yicha Shayxontohur tuman sudining sudyasi A. Mirzaxanov raisligida birinchi instansiyada ko‘rib chiqildi.
Sud hukmiga muvofiq Q. Dusov 5 nafar jabrlanuvchiga (Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi, Navoiy viloyati maktabgacha va maktab taʼlimi boshqarmasi mutasaddi va masʼullari, Chirchiq shahri IIB Probatsiya bo‘limi katta inspektori) nisbatan Jinoyat kodeksining 139-moddasi (tuhmat) 3-qismi “a” bandi, 140-moddasi (haqorat qilish) 3-qismi “a” bandi va 237-moddasi (yolg‘on xabar berish) 2-qismi “g” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topildi.
Q. Dusovga Jinoyat kodeksining 59, 61-moddalariga asosan 5 yil 1 oy ozodlikdan mahrum qilish jazosi, Jinoyat kodeksining 59-moddasi 8-qismi tartibida mazkur hukm bilan tayinlangan jazoga jinoyat ishlari bo‘yicha Arnasoy tuman sudining 2025-yil 24-fevraldagi hukmi bilan tayinlangan jazoni qisman qo‘shish yo‘li bilan o‘tash uchun uzil-kesil 5 yil 2 oy ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
Tayinlangan jazoni umumiy tartibli koloniyalarda o‘tash belgilandi.
Q. Dusov tomonidan Facebook’dagi “Kabul Dusov” nomli profil hamda Telegram’dagi “Kobul Dusov/RASMIY KANAL/” nomli kanal faoliyati to‘xtatilib, bloklanishi belgilandi.
Mazkur jinoyat ishi bo‘yicha manfaatdor taraflarga yetkazilgan moddiy va maʼnaviy zararlarni undirish yuzasidan fuqarolik sud ishlarini yuritish tartibida sudga murojaat qilish huquqlari mavjudligi tushuntirildi.
Birinchi instansiya sudining hukmi ustidan taraflar qonunda belgilangan tartib va muddatda Toshkent shahar sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hayʼatiga apellyatsiya/kassatsiya tartibida shikoyat berish va protest keltirishga haqliligi maʼlum qilinadi.
Qobil Dusov ishi
Sobiq deputat, ijtimoiy tarmoq faoli Qobil Dusov Chilonzor tuman sudining 2024-yil 22-noyabrdagi hukmiga muvofiq Jinoyat kodeksining 140-moddasi (haqorat qilish) 3-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilib, unga 1 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlangandi.
Yashnobod tuman IIO FMB Probatsiya bo‘limi tomonidan sudga Qobil Dusovning o‘talmay qolgan 11 oy 2 kun ozodlikdan cheklash jazosini shu muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosiga almashtirishni so‘rab taqdimnoma kiritilgandi. Taqdimnomaga ko‘ra, Dusov belgilangan cheklovlarga rioya qilmagan va jazo shartlarini qasddan buzgan.
Jinoyat kodeksining 48-1-moddasiga (ozodlikni cheklash) asosan Dusovga sutkaning muayyan vaqti, yaʼni kech soat 21:00 dan ertalabki soat 07:00 ga qadar yashash joyidan chiqish cheklanishi va unga qo‘shimcha internetdan foydalanmaslik, ommaviy va boshqa tadbirlar o‘tkazishda ishtirok etmaslik, har oyda bir marotaba yashash joyi bo‘yicha IIO FMB Probatsiya bo‘limidan ro‘yxatdan o‘tib turish hamda mahkumlarni nazorat qiluvchi organning roziligisiz yashash joyini o‘zgartirmaslik kabi taqiqlar yuklanishi belgilangandi.
Biroq u belgilangan tartibni buzgan va 2025-yil 11-yanvar kuni Yashnobod tumani IIO FMB Probatsiya bo‘limiga chaqirtirilib, ogohlantirish tarzidagi intizomiy jazoga tortilgan. Dusovga 24-yanvar kuni IIV TQD Kiberxavfsizlik tomonidan yana ogohlantirish intizomiy jazosi eʼlon qilingan bo‘lsa-da, undan oldin ham, undan keyin ham internetdan faol foydalanib kelgani aniqlangan. 24-yanvarda Qobil Dusovga nisbatan qo‘llanilgan ozodlikni cheklash jazosi 11 oy 2 kunlik ozodlikdan mahrum qilish jazosi bilan almashtirilgan.
2025-yil 24-fevralda jinoyat ishlari bo‘yicha Arnasoy tuman sudida Qobil Dusovga oid jinoyat ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha ochiq sud jarayoni yakunlandi. U 4 nafar jabrlanuvchiga (Jizzax viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi tizimi mas’ullari N.Yalgasheva, O.Kamolova, Sh.Hasanova va S.Suyarova) Jinoyat kodeksining 139-moddasi 3-qismi “a” bandi (og‘ir yoki o‘ta og‘ir jinoyat sodir etishda ayblab tuhmat qilish) va 140-moddasi 3-qismi “a” bandida (jabrlanuvchini o‘z xizmat yoki fuqarolik burchini bajarishi munosabati bilan bog‘liq holda haqorat qilish) nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topildi.
Sud hukmi bilan unga 1 yil 2 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi va jazoni manzil-koloniyalarda o‘tash belgilandi.
Shuningdek, Toshkent shahar sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyatsiya instansiyasining 2025-yil 11-martdagi ajrimi bilan Qobil Dusovga nisbatan jinoyat ishlari bo‘yicha Yashnobod tuman sudining 2025-yil 24-yanvardagi ajrimi o‘zgarishsiz qoldirilgandi.
Izoh (0)