“Yashil makon” — minglab, millionlab daraxt ekilishi va’da qilingan, ekologik barqarorlikni tiklashga qaratilgan yirik loyiha. Ammo bu tashabbus ortida haqiqiy natija bormi yoki shunchaki rasmiy raqamlargagina xizmat qilyaptimi? “Daryo” jurnalisti bu gaplar qanchalik haqiqatga yaqinligini aniqlash maqsadida holatni o‘rgandi.

“Yashil makon” loyihasi uchun millionlab mablag‘ sarflanadi, katta sonlar aytiladi. Har bir hududda minglab ko‘chatlar ekilgani e’lon qilinadi. Ammo ayrim joylarda holat mutlaqo boshqa — ko‘chatlar qarovsiz, sug‘orilmagan, parvarish qilinmagan. Buning oqibatida ular qurib qolgan yoki butunlay nobud bo‘lgan.
Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi bosh mutaxassisi aynan shunday holatlar haqiqatda kuzatilganini tasdiqladi.
O‘tgan oy davomida ayrim hududlarda ekilgan ko‘chatlarning qurib qolganligi yoki umuman parvarish qilinmagan holatlari aniqlandi. Bu bo‘yicha mas’ul mansabdor shaxslarga nisbatan ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirildi. Davlat ekologiya inspektorlari “Yashil makon” elektron platformasi orqali nazorat ishlarini olib bormoqda. Ya’ni ko‘chat ekish jarayonida inspektorlar platformaga joyning suratini va koordinatalarini yuklab, har bir daraxtga alohida ID raqam biriktiradi.
Keyinchalik shu ID raqam orqali joyiga chiqib, daraxtning holati, turi va soni o‘rganiladi. Agar ularning bir qismi nobud bo‘lgan yoki parvarish, sug‘orish ishlari olib borilmagan bo‘lsa, mas’ullar Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 79-moddasi 4-qismiga asosan bazaviy hisoblash miqdorining 10 barobaridan 20 barobarigacha jarimaga tortiladi, deydi Valijon Ibrohimov.

Ijtimoiy tarmoqlarda esa bu holatni tasdiqlovchi videolar ko‘paymoqda — yuzlab qurigan, sarg‘aygan, o‘lib yotgan daraxtlar ko‘z o‘ngimizda. Afsuski, bu holat ekologik tashabbus nomi ostida mablag‘larning shamolga uchayotgani haqida o‘ylantiradi.
Ko‘chat ekish xuddi ko‘zbo‘yamachilik uchun amalga oshirilayotgandek, suratga tushish uchun, rasmiy hisobotlarda raqam sifatida ko‘rinishi uchun. Ammo, shundan keyingi eng muhim bosqich — parvarishlash va asrash ko‘pincha e’tibordan chetda qoladi. Bu holat bugungi ekologiyaning yomonlashuvida juda ayanchli.
2024-yilda O‘zbekistonda 541 ta holatda amalda ekilmagan bir milliontadan ziyod ko‘chat hisobotlarga qo‘shib yozilgani aytilgan edi.

Ko‘chat ekish bu faqat boshlanishi. Ularning suvlanishi, tuproq holati, quyosh nuriga bo‘lgan ehtiyoji, himoyasi haqida tizimli ishlar qilinmasa, bu harakatlar o‘z samarasini bermaydi.
“Yashil makon” uzoq muddatli barqaror ekologik rivojlanishga xizmat qilishi uchun, har bir fuqarodan tortib, mahalliy hokimiyat organlarigacha bo‘lgan barcha mas’ullar bu ishga jiddiy yondashishi kerak.
Markaziy shtab tomonidan shakllantirilgan hisobotlar avval davlat ekologik inspektorlariga yuboriladi. Keyin esa tuman darajasidagi inspektor ushbu hisobot asosida o‘z hududida joylashgan “Yashil makon” doirasidagi ekilgan ko‘chatlarni bevosita joyiga chiqib o‘rganadi. Ko‘chatlarni ko‘zdan kechirish davomida inspektor tomonidan tegishli hujjatlar, ya’ni dalolatnomalar rasmiylashtiriladi. Bu jarayonda ekilgan hududning maydoni, qancha va qanday turdagi ko‘chatlar ekilgani, ularning yoshi hamda mazkur iqlim sharoitiga mos yoki mos emasligi to‘liq o‘rganiladi.
Shuningdek, sug‘orish tizimi ham nazorat qilinadi. Dastlab ayrim hududlarda bu borada jiddiy muammolar mavjud edi. Hozirda esa, sug‘orish tizimi mavjud bo‘lmagan joylarda ham nazorat kuchaytirildi. Inspektor joyiga chiqqanida, suv manbai, sug‘orish usullari va texnik imkoniyatlar orqali amalga oshirilayotgan sug‘orish amaliyotlari ham baholanadi. Iloji bo‘lmagan hududlarda texnik vositalar yordamida sug‘orish ishlari yo‘lga qo‘yilgan, ma’lum qildi mutaxassis.
Valijon Ibrohimovning aytishicha, har bir maydonga mas’ul shaxs biriktiriladi. Ushbu mas’ul shaxs ekilgan ko‘chatlarga uch yil davomida parvarish ishlarini olib borishga javobgar hisoblanadi.

Ma’lumot uchun yurtimizda “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida 2025-yilning bahorgi mavsumida respublikada 136 million tup daraxt va buta ko‘chatlari o‘tqazilgan.
Izoh (0)