Qishloq xo‘jaligi vazirligi fermerlar va dehqonlarga kuning issiq vaqtida daladagi ishlarni vaqtincha to‘xtatishni tavsiya qildi.

“O‘zgidromet” prognoziga ko‘ra, 14—18-may kunlari respublikada o‘rtacha me’yordan 8-10 yuqori darajada, ya’ni 41-43 darajagacha issiq bo‘lishi kutilmoqda. Shu sababli daladagi ishlarni ertalab soat 10:00 gacha bajarish, soat 10:00 dan 16:00 gacha bo‘lgan issiq vaqt oralig‘ida esa ishlarni to‘xtatish tavsiya etildi. Shuningdek, dala sharoitida ishlayotganlardan quyoshda qolgan plastik idishlardagi suvdan foydalanmaslik, tez buziladigan oziq-ovqat mahsulotlarini iste’mol qilmaslik so‘raldi.
Vazirlik jazirama issiqning stressli ta’sirini yumshatish uchun agrotexnik tadbirlarni ilmiy asosda o‘tkazish zarurligini bildirib o‘tdi va bu borada bir necha tavsiyalar berdi.

Paxtachilikda:
G‘o‘zani jazirama issiq va suv tanqisligiga chidamliligini oshirish uchun biostimulyatorlar, suspenziyalar, ammiakli selitra bilan oziqlantirish, tomchilatib sug‘orish, va qator oralariga mahalliy o‘g‘itlar bilan mulchalash tavsiya etiladi. Biostimulyatorlar va suyuq o‘g‘itlar (bor, molibden, rux, mis, temir, marganes, kobalt, azot, fosfor) bilan bargdan oziqlantirish, shuningdek, zararkunandalarga qarshi maxsus preparatlar qo‘llash zarur.
Dala chetidagi ariq, zovur, tut daraxtlari atroflari begona o‘tlardan tozalanib, 2-3 foiz ISO qaynatmasi bilan ishlov berilishi kerak. Suv sepish mashinalari yordamida dala atrofida mikroiqlim yaratish hamda zararli hasharotlarning ko‘chishini oldini olish muhim.
Egatlab sug‘oriladigan maydonlarda o‘g‘itlar 2-4 chinbarg holatida 50 kg/ga azotli, shonalash davrida esa 75 kg/ga azotli va 50 kg/ga kaliyli o‘g‘itlar bilan oziqlantirish tavsiya qilinadi. Tunda sug‘orish, tuproq namligini saqlash va suvning behuda bug‘lanishini kamaytirishga yordam beradi. Intensiv texnologiyada parvarishlanayotgan g‘o‘za maydonlarida tomchilatib sug‘orish 3-4 soat davomida 100-120 m³/ga miqdorida tez-tez amalga oshirilishi kerak.
G‘allachilikda:
Markaziy va shimoliy hududlarda g‘allaning o‘rtapishar va kechpishar navlarini ekilgan maydonlarni tunda sharbat usulida sug‘orish tavsiya etiladi. Tog‘ va tog‘ oldi hududlarida esa, havo harorati 30 darajadan oshmagan paytlarda, ertalab soat 10:00 gacha yoki kechqurun 17:00 dan keyin biostimulyatorlar orqali bargdan suspenziya usulida oziqlantirish zarur.
Sholichilikda:
Harorat 38–40 darajadan oshganda tuproqni doimiy nam holda saqlash, ya’ni suv sathi 5–10 sm atrofida bo‘lishi lozim. Suv resurslarini tejash maqsadida rotatsion sug‘orish va tik quduq, zovur suvlaridan foydalanish tavsiya etiladi.
Shuningdek, o‘g‘itlash va stressga chidamli moddalardan foydalanish muhim. Silikatli o‘g‘itlar (kaliy-silikat) sholini issiqqa chidamli qiladi va o‘simlik hujayralarini mustahkamlaydi. Biostimulyatorlar (epin, tsirkon, megafol) o‘simlik stressini kamaytiradi. Kompleks mikroo‘g‘itlar (bor, marganets, rux) fotosintezni qo‘llab-quvvatlaydi va o‘sishni rag‘batlantiradi.
Sabzavotchilikda:
Sabzavotlarning o‘sishi va rivojlanishi havo-tuproq haroratiga, fotosintez intensivligiga bog‘liq. Harorat 25–35 darajagacha ko‘tarilganda fotosintez jarayoni kuchayadi, lekin 40–50 darajaga yetganda butunlay to‘xtaydi. Pomidor, qalampir, baqlajon, bodring kabi issiqsevar o‘simliklar uchun 20–30 daraja harorat eng qulay hisoblanadi, ammo ular o‘ta issiqlikka chidamli emas. Qovun, tarvuz, qovoq, makkajo‘xori va loviya kabi ekinlar esa 30 darajada yuqori assimilyatsiyaga erishadi, lekin 40-45 darajadan yuqori haroratda o‘sish uchun qulay muhit bo‘lmaydi.
Jazirama issiqlikdan himoya qilish uchun tavsiyalar:
- tunda sug‘orish: o‘simlikni tunda sug‘orish, namlikka bo‘lgan talabni to‘la qondirish.
- quyosh nuridan himoya qilish: o‘simliklarni quyosh nurlaridan himoya qilish va sun’iy salqinlik tashkil etish.
- agrotexnik tadbirlarni to‘g‘ri vaqtga joylashtirish: kun isigan davrida chopiq, begona o‘tlardan tozalash kabi tadbirlarni amalga oshirmaslik.
Issiqlik stressi sharoitida o‘simliklarning yetarli ozuqa moddalari bilan ta’minlanishi muhimdir. Kaliy, fosfor va azot bilan barg orqali oziqlantirish o‘simliklarning sog‘lom, tez va samarali o‘sishiga yordam beradi.
Uzun muddatli yuqori harorat meva-uzum navlarining o‘sishini va hosildorligini kamaytirishi mumkin. Bunday sharoitda, tomchilatib sug‘orish usuli o‘simliklar uchun eng samarali usul hisoblanadi, chunki bu suvni aniq va samarali taqsimlash, tuproqda namlik balansini saqlashga yordam beradi.
Tavsiya etilgan choralar:
- tomchilatib sug‘orish (bu usul suvning samarali taqsimlanishini ta’minlab, o‘simliklar stressini kamaytiradi);
- yomg‘irlatib sug‘orish (mevali bog‘larda yomg‘irlatib sug‘orish usuli, suvni yerdan bir tekis taqsimlash va mineral o‘g‘itlarni erigan holda berish imkonini beradi);
- sug‘orish vaqtlarini belgilash (ug‘orish kunning issiq vaqtlarida emas, balki ertalab yoki kechqurun amalga oshirilishi, har 3-5 kunda har bir tup daraxtga 15–25 litr suv berilishi tavsiya etiladi).
O‘simliklarni ultrabinafsha nurlardan himoya qilish va haroratni pasaytirish uchun qo‘shimcha usul sifatida soyabonlardan (agrovolokno, to‘rlar) foydalanish mumkin. Fosfor va kaliyga boy o‘g‘itlar o‘simlikning issiqqa chidamliligini oshiradi va stressga qarshi kurashishga yordam beradi. Epin, sirkon kabi bioo‘g‘itlar bilan barglardan oziqlantirish o‘simliklarni stressga qarshi mustahkamlaydi.

Mevalarni erta tongdagi salqin davrda yig‘ib-terib olish tavsiya etildi.
O‘zbekistonda 13-may, seshanbadan boshlab issiq havo kirib kelishi kuchaygandi. 14—16-may kunlari 43 darajagacha issiq ob-havo bo‘lishi prognoz qilingan. O‘tgan oxirgi besh yillikning may oylari o‘rtalarida harorat 43 darajagacha isimagandi.
Izoh (0)