“Pokiston urush emas, tinchlik istaydi”, dedi Pokistonning O‘zbekistondagi elchisi Ahmad Faruq “Daryo” nashriga bergan eksklyuziv intervyusida. U Islomobodning mintaqaviy ziddiyatlar borasidagi pozitsiyasi, terrorizmga qarshi kurashi va O‘zbekiston bilan iqtisodiy aloqalarni chuqurlashtirishga oid rejalari haqida bayon qildi.
Elchi suhbatni Janubiy Osiyodagi ziddiyatli vaziyatga baho berishdan boshladi. U Pokistonning bu boradagi pozitsiyasi tinchliksevar va mas’uliyatli ekanini qat’iy ta’kidlab, bu ayniqsa ommaviy qirg‘in quroliga ega bir necha davlatlar joylashgan mintaqa uchun alohida ahamiyatga egaligini urg‘uladi.
“Biz mas’uliyatli va tinchliksevar davlatmiz. Yadroviy qurollangan mintaqa — Janubiy Osiyoda tinchlikni saqlash ustuvor ahamiyatga ega”, dedi elchi Faruq.
Pokiston ayblovlarni rad etadi
Elchi Hindistonning Pahalgam shahrida sodir bo‘lgan fojiada tinch aholi vakillari halok bo‘lganini keskin qoraladi. U Pokiston har doim terrorizmni qoralab kelganini ta’kidlab, Hindiston tomoni tergov o‘tkazilmasdan turib bunda Islomobodni ayblaganidan norozilik bildirdi.
“Bu fojiaga qaramay, biz o‘zimizni tiyib turdik, hatto ayblovlarni xalqaro, mustaqil tergov orqali o‘rganishni taklif qildik. Hindiston bildirgan da’volarni tasdiqlovchi biror qat’iy dalil yo‘q”, dedi u.
Elchi ziddiyatlarni bartaraf etish uchun tinchlik va farovonlik muhim ekanini aytdi. U, shuningdek, Pokiston urush istamasligini va hech qachon qurolli mojaro tarafdori bo‘lmaganini qo‘shimcha qildi. Biroq suverenitet tahdid ostida bo‘lsa, uning mamlakati bunga to‘liq harbiy quvvat bilan javob berishga majbur bo‘lishini alohida ta’kidladi.

Elchi 7-may kuni Hindiston tomonidan berilgan zarbalarga aniqlik va mas’uliyat bilan javob qaytarilgani, bunda tinch aholidan qurbonlar bo‘lmasligiga e’tibor qaratilganini ta’kidladi.
“Biz ibodatxonalarni — cherkov, masjid, butxona va gurdvaralarni nishonga olmaymiz. Harbiy nishonlarimiz aniq belgilangan va tanlangan. Bu bizning professionallik va insonparvarlik mezonlarimizdan dalolat beradi”, dedi u.
Elchining aytishicha, Pahalgamdagi fojiadan so‘ng Pokistonga qilingan hujumlar aynan tinch aholi yashaydigan hududlarga yo‘naltirilgan. Biroq Pokiston bunga javoban faqat harbiy infratuzilmaga zarba berib, tinch aholi orasida talafot bo‘lishining oldini olgan.
Pokiston bosh vaziri hujumlar paytida yetti yashar bola vafot etgani haqida gapirib, chuqur qayg‘u bildirdi. U xalqaro hamjamiyatni bunday fojialarga befarq bo‘lmaslikka chaqirdi.
“Yettidan sakkiz yoshgacha bo‘lgan bolalar — bu jangchilar emas. Ularning hayoti xuddi boshqalarniki kabi qadrlidir. Bunday fojialar ro‘y berayotganida, biz eskalatsiya oqibatlari haqida jiddiy o‘ylab ko‘rishimiz kerak”, dedi elchi.
Elchining ta’kidlashicha, Pokiston shiddatli javob qaytargan bo‘lsa-da, u o‘zini himoya qilish tamoyili va professional harbiy me’yorlarga amal qilgan.

Bir necha kun davom etgan qurolli mojarodan so‘ng xalqaro hamjamiyat vositachiligida o‘t ochishni to‘xtatish rejimi joriy etildi. Biroq elchining fikricha, bu faqat vaqtinchalik tinchlikdir — asosiy masalalar hal etilmaguncha, barqaror osoyishtalik bo‘lmaydi.
Ahmad Faruq barqaror tinchlikka to‘siq bo‘layotgan uchta asosiy masalani sanadi:
1. Jammu va Kashmir muammosi:
- Pokiston bu masalani asosiy nizoli nuqta deb biladi. Prezident Donald Tramp ham ilgari Kashmir bo‘yicha to‘xtalib, “bu hal etilishi kerak” degan edi.
2. Suv xavfsizligi:
- Hind daryosi bo‘yicha Hindiston va Pokiston o‘rtasida tuzilgan suv bitimi (Indus Waters Treaty) qayta ko‘rib chiqilishi zarur. Bu muammo strategik resurslar ustidan nizoga aylanishi mumkin.
3. Terrorizm:
- Pokiston o‘zini terrorizm qurboni deb hisoblaydi, tashkilotchisi emas. Terrorizm sabab so‘nggi 10 yilda mamlakatda 100 mingdan ortiq inson halok bo‘lgan, 150 milliard dollardan ziyod iqtisodiy zarar ko‘rilgan.
Elchining aytishicha, Pokistonda davlat tomonidan moliyalashtirilgan terrorizmga oid ishonchli dalillar mavjud va bu masalalar Hindiston bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri ko‘rib chiqilishi kerak.

Elchiga ko‘ra, Pokiston ichki va tashqi tahdidlarga qarshi kompleks aksilterror strategiyalarini ishlab chiqdi, jumladan:
- Harbiy operatsiyalar,
- Maxsus xizmatlararo razvedka hamkorligi,
- Qurolli kuchlarning jangovar shayligi,
- Ekstremistik g‘oyalarga qarshi mafkuraviy kurash.
Ma’lum qilinishicha, ushbu sohadagi yutuqlar xalqaro maydonda tan olingan. Ayrim davlatlar Pokistondan terrorizmga qarshi kurash bo‘yicha trening va hamkorlik so‘ragan.
“Terrorizm xavfi bor, lekin biz unga qarshi kurashishga qat’iyan bel bog‘laganmiz. Fuqarolarimiz xavfsizligi — davlatning ustuvor vazifasidir”, deydi elchi.
U Pokiston tinchlik tarafdori bo‘lib qolishini qayta ta’kidladi. Ammo doimiy tinchlik uchun avvalambor chuqur ildizga ega muammolarni hal qilish zarurligini bildirdi.
“Agar siz barqaror tinchlikni istasangiz, bu masalalarni hal qilish kerak. Aks holda, har doim shunga o‘xshash mojaro xavfi saqlanib qoladi”, dedi u.
O‘zbekiston—Pokiston savdo aylanmasi: 400 milliondan 2 milliard dollarga
Suhbat davomida elchi ikki tomonlama munosabatlarga e’tibor qaratdi. Unga ko‘ra, O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi savdo hajmi 2025-yilgacha 2 milliard dollarga yetkazilishi rejalashtirilgan. Bu ko‘rsatkich 2025-yil fevralida bosh vazir Shahboz Sharifning Toshkentga tashrifi chog‘ida belgilangandi.
2024-yilda ikki davlat o‘rtasidagi savdo hajmi 400 million dollarlik chiziqni kesib o‘tgan. Elchining aytishicha, hozirda bu ko‘rsatkichni yanada oshirish uchun keng ko‘lamli strategik ishlar olib borilmoqda.
Bu yo‘nalishda quyidagilar ko‘zda tutilgan:
- ishbilarmon doiralar o‘rtasida aloqalarni kuchaytirish,
- hamkorlik sohalarini to‘qimachilikdan tashqari farmatsevtika, konchilik va elektron savdoga kengaytirish,
- sanitariya va fitosanitariya standartlarini muvofiqlashtirish,
- moliyaviy tranzaksiyalarni soddalashtirish (jumladan, markaziy banklar orqali).
Elchining aytishicha, hozirda O‘zbekistonda Pokiston bilan hamkorlikda qurilgan 150–200 million dollar qiymatidagi 128 ta qo‘shma korxona faoliyat yuritmoqda.
“Bu mavjud salohiyatning kichik bir qismi xolos. Pokistonning Toshkentdagi elchixonasi ishbilarmon doiralarni birlashtirishda faol rol o‘ynamoqda. Biz Pokiston kompaniyalaridan O‘zbekistonda ular bilan biznes qilish istagida bo‘lganlar bor yoki yo‘qligi, agar bo‘lsa, potensial hamkorlar bilan bog‘lash uchun qanday imkoniyatlar mavjudligi haqida so‘rovlar olamiz. Xuddi shunday, Pokistonga mahsulot jo‘natmoqchi bo‘lgan o‘zbekistonlik ishbilarmonlar ham ishonchli hamkorlar bo‘yicha tavsiyalar so‘raganini eshitamiz”, deya qo‘shimcha qildi u.

Qo‘shma logistik kompaniya: kelishuv yo‘lida
O‘zbekiston–Pokiston o’zaro kelishgan eng muhim tashabbuslardan biri qo‘shma transport-logistika kompaniyasi tashkil etishdir. Hozirda tomon muzokara olib bormoqda. Elchi bu yirik loyiha ekanini, shuning uchun puxta yondashuv zarurligini ta’kidladi. Shuningdek, Toshkent ham, Islomobod ham masalaga jiddiy yondashayotganini qo‘shimcha qildi.
Elchi, bundan tashqari, savdo uylari tashkil etish tashabbusi haqida ham to‘xtalib o‘tdi. Uning ta’kidlashicha, dengiz portlarga yaqinlik muhim bo‘lsa-da, muvaffaqiyat samarali siyosat va operativ yechimlar bilan belgilanadi.
Ko‘p yo‘nalishli strategiya
Pokiston va O‘zbekiston o‘rtasidagi keng qamrovli munosabatlar mintaqaviy bog‘liqlikni rivojlantirishga yordam beradi. Bu ikki davlat tadbirkorlariga o‘zaro savdoni oson va samarali olib borish imkonini yaratishga qaratilgan.
Strategiyaning asosiy maqsadi transport tizimlarini soddalashtirish, byurokratik to‘siqlarni kamaytirish va rasmiy jarayonlarni yengillashtirish orqali O‘zbekiston va Pokiston tadbirkorlari uchun chegaralar orqali tovar jo‘natishni osonlashtirishdir.
Savdo uylari orqali moliyaviy markazlarni bog‘lash
Ushbu strategiyaning markaziy nuqtalaridan biri — Karachi, Laxor va Toshkent kabi yirik moliyaviy markazlarda savdo uylari tashkil etishdir. Qayd etilishicha, bu tashabbus:
- moliyaviy markazlar va biznes hamjamiyatlarni bog‘laydi,
- tadbirkorlarga kerakli ma’lumotlarni tezkor olishga yordam beradi,
- ikki tomonlama savdoni kuchaytiradi.
“Agar siz biznes uchun sharoitni osonlashtirsangiz, bu ularning foydasiga ishlaydi”, dedi elchi Faruq.
Uning ta’kidlashicha, hukumatlar savdo muhitini doimiy ravishda yaxshilab borishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan. Bunga boj to‘siqlaridan tashqari (non-tariff barriers) muammolarni hal etish, chegaradagi tartiblarni soddalashtirish, va tartibga soluvchi me’yorlar o‘rtasidagi ziddiyatlarni bartaraf etish kabilar kiradi.
Elchi, shuningdek, O‘zbekiston va Pokiston imtiyozli savdo bitimini kengaytirish ustida ishlayotganini, asosiy maqsad xususiy sektor uchun chegaralar osha savdoni yanada oson va daromadli qilish ekanini ta’kidladi.
“Davlatning vazifasi — bu jarayonni yengillashtirish va biznes uchun qulay muhit yaratishdir”, dedi elchi.
Ta’lim va madaniy aloqalarni kuchaytirish
Bugungi kunda mingdan ortiq pokistonlik talaba O‘zbekistonda, asosan, tibbiyot yo‘nalishlarida tahsil olmoqda. Elchi Faruqning aytishicha, ikki davlat ta’lim va kasbiy imkoniyatlarni kengaytirish, yoshlar va akademiklar almashinuvini faollashtirish, universitetlar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash va yoshlar tashkilotlari o‘rtasidagi aloqalarni kuchaytirishga qaratilgan tashabbuslar ustida ishlamoqda.
U, shuningdek, ikki xalq o‘rtasidagi chuqur tarixiy va madaniy rishtalarni eslatdi va bu sohalarda hamkorlik uchun ulkan salohiyat mavjudligini ta’kidladi.
“Talabalar almashinuvi, yoshlar dasturlari, tahlil markazlari va universitetlar o‘rtasidagi hamkorlik orqali munosabatlar chuqurlashadi”, dedi u.
Elchi har ikki mamlakatning boy madaniy merosi haqida so‘z yuritar ekan, turizm va madaniy almashinuvni rag‘batlantirish zarurligini aytdi.
“Biz o‘zaro tushunishni chuqurlashtirish, yangi aloqalar o‘rnatish uchun imkoniyatlar yaratmoqchimiz — bu talabalar va mutaxassislar o‘sishi uchun zarur”, dedi u.
Kelajak rejalari
Elchi Faruq 2025-yil fevral oyida Toshkentda o‘tkazilgan Pokiston–O‘zbekiston biznes forumi haqida to‘xtaldi. Ushbu tadbirda ikki davlatning yetakchi ishbilarmonlari ishtirok etgan va u yangicha aloqalar o‘rnatish hamda yangi imkoniyatlar muhokamasiga zamin yaratgan.
Forumda O‘zbekiston prezidenti va Pokiston bosh vaziri ishtirok etgani hukumatlar ushbu masalaga jiddiy qarab, mas’uliyat bilan yondashayotganidan dalolat berdi.
“Agar eng yuqori darajadagi rahbarlar tadbirga tashrif buyursa, bu biznes hamjamiyatiga aniq signal: davlat ularning tashabbusini to‘liq qo‘llab-quvvatlayapti. Bu ishonch uyg‘otadi”, dedi elchi.
Ahmad Faruq kelgusida ham yana bir necha yirik ishbilarmonlik tadbirlari rejalashtirilayotganini, biroq barcha tafsilotlarni ochiqlay olmasligini ma’lum qildi.
Izoh (0)