Andijon viloyati jinoyat ishlari bo‘yicha Xonobod shahar sudi raisiga jinoyat ishi qo‘zg‘atilgandi. Oliy sud u 30 ming dollar olganida ushlanganini ma’lum qildi.
-uvXlH4R_.avif)
Oliy sud plenumining majlisida bosh prokurorning jinoyat ishlari bo‘yicha Xonobod shahar sudining raisi Y.E.ni Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi va 28,211-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan jinoiy javobgarlikka tortish va unga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llash haqidagi taqdimnomasi ko‘rib chiqilib, rozilik berilgan.
Taqdimnomaga ko‘ra, jinoyat ishlari bo‘yicha Xonobod shahar sudining raisi muqaddam boshqa sud tomonidan tayinlangan ozodlikdan mahrum qilish jazosi muddatini kamaytirishni va’da qilib, sudlangan shaxsning onasidan 30 ming dollar miqdordagi pullarni olgan vaqtda huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tadbirda ushlangan.
“Oliy sud tomonidan sud organlarida korrupsiyaga qarshi kurashish, tizimni nopok kadrlardan tozalash borasida barcha zarur sa’y-harakatlar amalga oshirilmoqda. Bunda, eng avvalo, sudya va xodimlar o‘rtasida nojo‘ya va nomunosib xatti-harakatlarning oldini olish, shu bilan birga, korrupsiyaga yo‘l qo‘ygan sudya va xodimlarni aniqlash hamda ularga nisbatan qat’iy choralar ko‘rishga e’tibor qaratilmoqda”, deyiladi Oliy sud xabarida.
Y.E. Xonobod shahar sudining raisi lavozimiga 2024-yilning dekabrida besh yil muddatga tayinlangandi. Ayni paytda uning sudyalik vakolati to‘xtatilgan.
Aprel oyining oxirlarida Toshkent shahridagi kafelarning biridan mast holda chiqqan va mashina o‘g‘irlashda gumonlangan Mirobod tuman sudi sudyasi vakolati muddatidan avval tugatilgandi. Unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Izoh (0)