“Liverpul” hujumchisi Muhammad Saloh Angliya Premyer Ligasining qoldirilgan 15-tur bahsida “Everton”ga qarshi mersisayd derbisida (2:2) gol va golli uzatma amalga oshirib, Angliya chempionatida yangi rekord o‘rnatdi.
![](/static/2025/02/13/67ad5d86a2421-yg-nvqF9.jpg)
U 31 yil davomida yangilanmagan statistik natijani yangiladi. Bu haqda Squawka portali xabar bermoqda.
Manbaga ko‘ra, Saloh APL tarixida bir mavsumda safar o‘yinlarida “gol+pas” tizimi bo‘yicha 22 ochko to‘plagan ilk futbolchi bo‘ldi. Misrlik futbolchining hisobida ushbu mavsumning safar uchrashuvlarida 13 gol va 9 golli uzatma bor. U jami 13 o‘yinda maydonga tushgan.
Ma’lum qilinishicha, 32 yoshli misrlik futbolchi ushbu natija bilan “Arsenal”ning sobiq hujumchisi Endi Koulning rekordini (21 ochko) ortda qoldirdi. Koul 1993—1994-yilgi mavsumda “Nyukasl Yunayted” safida ushbu natijani qayd etgan edi.
Joriy mavsumda Saloh barcha musobaqalarda 35 ta o‘yinda maydonga tushib, 27 ta gol va 19 ta golli uzatma amalga oshirdi. Transfermarkt portali futbolchini 55 million yevroga baholagan.
Avvalroq Saloh Saudiya Arabistonining “Al-Hilol” klubiga o‘tsa, dunyodagi eng ko‘p maosh oluvchi futbolchisiga aylanishi xabar qilingandi.
Izoh (0)