Surxondaryoda supurgilar dastagiga yashirilgan 612 kilo gashish giyohvandlik vositasini olib kirishga urinish Bojxona qo‘mitasi hamda Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlari bilan hamkorlikda fosh qilindi. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati xabar berdi.
![](/static/2025/02/10/photo_2025-02-10_10-57-12-QJurwCIN.jpg)
Ma’lum qilinishicha, 2025-yil 9-fevral kuni Surxondaryo viloyati bojxona boshqarmasining “Ayritom” chegara bojxona posti orqali respublikamiz hududidan tranzit tarzida o‘tish uchun kirib kelgan yuk avtotransport vositasini belgilangan texnologik sxema asosida bojxona va chegara nazoratidan o‘tkazish jarayonida mazkur avtotransport vositasiga ortilgan 13,5 tonna og‘irlikdagi supurgi xodimlarning diqqatini tortdi.
![](/static/2025/02/10/photo_2025-02-10_10-57-07-OTJI_rFV.jpg)
![](/static/2025/02/10/photo_2025-02-10_10-57-06-Va6_x5ra.jpg)
![](/static/2025/02/10/photo_2025-02-10_10-57-08-44C0ItYE.jpg)
Shundan so‘ng mazkur avtotransport vositasi “Ayritom” chegara bojxona postiga tutash hududdagi “Termiz” tashqi iqtisodiy foaliyat bojxona posti tasarrufidagi bojxona omboriga keltirilib, undagi tovarlar to‘liq bojxona ko‘rigidan o‘tkazilganda 180 ta qopda 22 ming 500 dona xo‘jalik supurgilari ortilgani aniqlangan.
Mazkur supurgilarni sinchiklab ko‘zdan kechirish davomida, 2986 dona supurgilarning dastaklari orasiga aynan supurgi rangiga mos ravishda — sariq rangdagi skotch bilan o‘ralgan o‘rtacha 25 santimetr uzunlikdagi poliyetilen o‘ramlar mohirlik bilan yashirilgani fosh bo‘ldi.
![](/static/2025/02/10/photo_2025-02-10_10-57-14-SLk3ocFG.jpg)
Ushbu o‘ramlar belgilangan tartibda va xolislar ishtirokida ochib ko‘rilganida, ularning ichiga o‘rtacha 200 gr og‘irlikdagi, o‘tkir hidli, to‘q jigarrangli giyohvandlik vositasi ekani ma’lum bo‘ldi.
Mazkur holatda 2986 dona supurgi dastaklaridan ajratib olingan o‘ramlardagi modda dastlabki tezkor analiz natijalariga ko‘ra “gashish” giyohvandlik vositasi bo‘lib, ularning umumiy og‘irligi 612 kilogrammni tashkil qilmoqda.
![](/static/2025/02/10/photo_2025-02-10_10-57-05-_mfVEKjz.jpg)
Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, mazkur giyohvandlik vositasining qora bozorlardagi narxi taxminan 16,5 million dollardan oshadi.
Hozirda holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari davom ettirilmoqda.
O‘zbekistonda to‘xatib qolingan yirik miqdordagi giyohvandlik vositalari
1992−1994-yillarda qo‘mitaning Surxondaryo viloyati boshqarmasi tomonidan qariyb 15,5 tonnadan ortiq giyohvandlik vositalari to‘xtatib qolingan. 1992-yil 8-oktabrda mayiz ortilgan konteyner ichida 13 tonnadan ortiq gashish yashirilgani aniqlangan. Ushbu giyohvandlik vositalarining qora bozordagi narxi o‘sha vaqtlarda 1,3 milliard dollarni tashkil qilgan.
1993-yil 16-fevralida esa yong‘oq ortilgan 2 ta temiryo‘l konteynerda 1167 kilogramm gashish yashirilgani fosh qilingan. Shu yili Surxondaryoda avtorefrijeratorning tom qismiga yashirilgan 1,2 tonna geroinning olib o‘tilishining oldi olingan.
O‘zbekistonda so‘nggi besh yilda narkologik hisobga olingan 14 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan giyohvandlik vositalari isteʼmolchilari 60 foizga ko‘paygan.
Izoh (0)